ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovga bag‘ishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” badiiy ko‘rgazmasi ochildi


27.01.2018

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning ulug‘ farzandiga cheksiz muhabbati va hurmatining amaliy ifodasi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori uning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Ko‘rgazma zali ochilib, unda Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kartina, portretlar va fotosuratlar jo oldi.

“Butun olamni jo qilgan yurak” badiiy ko‘rgazmasi ochilishi tantanali marosimida ishtirok etish uchun bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, fan va madaniyat, adabiyot va san’at arboblari, talaba yoshlar, shuningdek ommaviy axborot vositalarining xodimlari yig‘ilishdi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirishdi.

Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov Ko‘rgazma zalini ochishdi. Shundan so‘ng tantanali marosim ishtirokchilari Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazama eksponatlari bilan tanishdilar. Bu Islom Karimovning serqirra hayotini aks ettirgan portret, fotosurat va sovg‘alardir. 

Islom Karimov – asrlar sarhadida zamon yo‘nalishini va butun bir avlod hayotining yo‘lini belgilab bergan tarixiy shaxs. Inson va Siyosatchining yorqin, murakkab, noyob taqdiri. Uning yuragi millat yuragiga hamohang urar edi, u o‘z xalqini joni, dili bilan sevardi, odamlar unga samimiy muhabbat izhor etardi.

Tug‘ilish… Hayot yo‘li… Vidolashuv… Har bir bandaning o‘z parvozi, o‘z taqdir chizig‘i bor. Islom Abdug‘aniyevich Karimovning nomini saqlab, yodgorliklar, ko‘chalar, aeroportlaru-zavodlarda abadiylashtirgan munosib vorisi – mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni insonlarning o‘z minnatdorlilik so‘zlari “oltin yomg‘ir” singari ko‘klarga ko‘tarmoqda.

Birinchi Prezidentimizning ruhi uning xotirasini yod etish Yodgorlik muzeyiga aylangan Oqsaroy qarorgohida saqlanib qolgan.

Ko‘rgazmadan taniqli rassomlar yaratgan ruhan ixcham portretlar, juda sodda, lekin samimiy mehru muhabbati yo‘g‘rilgan portretlar joy olgan. Qizil lolalar tasviri tushirilgan rasm… Islom Karimov dala gullarini, ayniqsa, lola va qizg‘aldoqlarni hush ko‘rgan. Ulardan u bahra olib zavqlangan.

Suratlardan birida Birinchi Prezident Qashqadaryoning tog‘li G‘ilon qishlog‘i oqsoqollari qurshovida tasvirlangan.

 

Mana bu taniqli rassom Bahodir Jalolovning turkum asarlari. Ularda Islom Karimov hayotining yorqin parvozlari ham, qayg‘uli damlari ham, fikr va hissiyotlari ham aks etgan. Yo‘lbars – jasurlik, kuch va iqtidorlilik timsoli, shuningdek, Samarqand buyukligi va qudrati ramzidir. Yulduzlar burji bo‘yicha uning tug‘ilgan yilini bildiradi. Ushbu mahobatli badiiy reja ssenariysi rassom shuurida to‘satdan paydo bo‘lgan: ushbu qiyofa va lavhalar uning tushiga kirgan. Islom Abdug‘aniyevich bu suratlarni o‘sha fojiali kundan sal oldin ko‘rgan, qattiq ta’sirlangan, ammo taassurotlarini ifoda etishni keyinroqqa qoldirgandi… xuddi oldindan ko‘ra bilganidek …

Badiiy qiyofalar orasida Temuriylar poytaxtining chang yo‘llaklaridan borayotgan, o‘z maqsadiga intilayotgan o‘spirin, xalqaro miqyosdagi siyosatchi, mustaqil mamlakat bayrog‘ini baland ko‘targan, hayratomuz aql-zakovat sohibi, donishmand… Bunday kishilar bamisoli uchar yulduzlardek zamon va makon uzra uchib o‘tadi, yorqin yulduzlarga aylanib, avlodlar taqdir yo‘lini yoritib turadi.

Tungi Samarqand bo‘ylab esayotgan shamol yulduzlar chehrasini bir-bir silab o‘tadi. Ular biz uchun osmonning porloq belgisini yubormoqda...U butun olam uning yuragida jo bo‘lgunicha o‘zi tanlagan yo‘ldan bordi...