ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

TIKLANGAN QADRIYAT BAYRAMI


09.04.2024

Necha ming yillar aro ne bir voqeliklar shohidi bo‘lgan bu ko‘hna zamin o‘z boshidan qay kunlarni o‘tkazmadi deysiz: gullab-yashnagan taraqqiyotlar-u saltanatlar, evrilishlar-u dunyoni titratgan fotihlar bosqini, ma’murlik-u zabunlik, so‘ngroq mustamlaka zanjiri.
Mustamlaka – o‘z nomi bilan mustamlaka. Moddiy nochorlik o‘z yo‘liga, ammo ma’naviy xo‘rlanish yomon. Otasiga janoza o‘qitgan odamning jamiyatdan uloqtirilishi, do‘ppi kiygan boshlarning xam qilinishi, shunchaki eskichada savodi bor mardumning ur kaltak-sur kaltak qilib, sazoyi etilishi... Shunaqa zamonlar ham kechdi-ku. Zamonki, e’tiqodni, insonni inson qilib turgan – o‘zligu qadriyatni tag-tubi bilan sug‘urib olmoqchi bo‘lishgan. O‘sha tuyg‘ularni esa, millatga qaytarib bergan shaxs – Islom Karimov edi.

Ha, mahobat emas, fakt bu. Hali sobiq Ittifoq tarqamay turib, aniqrog‘i, 1991 yil 11 aprel kuni “An’anaviy milliy bayram “ro‘za hayiti”ni nishonlash haqidagi Prezident Farmoniga imzo chekdi u. Keyinroq, Birinchi Prezidentning 1992 yil 27 martdagi farmoni bilan Ramazon, Qurbon hayitlarining birinchi kunlari – dam olish kuni deb e’lon qilindi.
Mustaqillikning ilk yillaridanoq diniy ahkom va urf-odat, bu boradagi necha asrlik merosni – qadriyat darajasiga chiqarib, keyingi amaliy sa’y-harakatlar ham xuddi shu maslak yo‘lida olib borildi. Islom Karimovning bir iborasini eslash lozim bo‘ladi: “Inson e’tiqodsiz, iymonsiz yashay olmaydi. Chunki komil va sobit e’tiqod jamiyat ma’naviy qiyofasini belgilaydi. Bu borada Islom dini katta ahamiyatga ega”.
Imom al-Buxoriy, Imom al-Moturidiy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Hakim at-Termiziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulug‘ ajdodlarimiz maqbaralarining obod qilinishi hamda ular merosi tadqiq etilishi, Haj va Umra amallarining tizimli yo‘lga qo‘yilishi, Toshkent Islom universitetiga asos solinishi, barcha hududlarda masjidlar barpo etilishi kabi va boshqa yuzlab tadbirlarning o‘zi – Birinchi Prezidentning bu masalaga nechog‘li katta e’tibor bilan qaraganini isbotlaydi.

Bu ishlar samarasi o‘laroq, 2007 yil Toshkent shahri – Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti – AYSЕSKO (ISESCO) tomonidan “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilingan. Xuddi shu yili bevosita Islom Karimov tashabbusi va loyihasi asosida azim poytaxtimizda Hazrati Imom majmuasi va masjidi, keyinroq esa “Minor” masjidi barpo etildi.
E’tiqod erkinligini kafolatlash, bosh qomusimizda belgilanganidek, fuqarolarning millati, irqi va dinidan qat’i nazar, teng huquqli ekanligi tamoyili asosida, ularning vijdon erkinligi, urf-odatlari, milliy an’analarini hurmat qilish, islom dinining xalqimiz hayotidagi o‘rnini to‘g‘ri baholab, bu boradagi siyosatni tizimli asosda olib borish bugungi kunda ham izchil davom etmoqda. Buning yaqqol isbotini birgina misolda ko‘rsatib o‘tish mumkinki, Islom hamkorlik tashkiloti madaniyat vazirlari IX Islom konferensiyasida – 2020 yilda ko‘hna va boqiy shahrimiz Buxoro ham – Islom madaniyati poytaxti sifatida tan olindi.
Yangi O‘zbekiston sharoitida yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilayotgani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ish boshlagani, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasiga, Samarqandda Hadis ilmi maktabiga asos solingani, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy qadamjolari, Toshkent shahrida Suzuk ota majmuasi yangitdan bunyod qilingani, o‘nlab muhtasham masjidlar, diniy bilim muassasalari barpo etilgani, ziyoratgoh maskanlar obod qilingani – yuqorida aytilgan izchil davomiylikning yorqin namunalaridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Bularning barchasi mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’naviy qadriyatlarni tiklash va e’zozlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir”.
Bugungi nishonlaydiganimiz ayyom – yaqin tariximizda tiklangan va haqli ravishda xalqning o‘ziga qaytarilgan qadriyat bayrami hisoblanadi.
Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!