ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

TABIAT VA KO‘NGILNI YANGILAYDIGAN AYYOMLAR


19.03.2026

Shu kunlarda naq ikkita bayram taraddudidamiz: Ramazon hayiti va Navro‘zi olam. Qarang, birida ko‘ngil, ruh poklanadi, ravshanlashadi, qadr-qimmat ulug‘lanadi. Boshqasida esa ko‘ngil barobarida butun borliq, tabiat yangilanib, yasharib, dilda o‘zgacha surur, bahoriy navozishlar hukm suradi.

Mundoq o‘ylab qarasangiz, asriy boqiy qadriyatlar, o‘zlik, iymon bilan bog‘liq bu ayyomlarning har ikkisi ham biz uchun birdek suyumli va tabarruk. Ularning har ikkisi ham sobiq Sho‘rolar tuzumida qatag‘on qilingan, ta’qiqlangan. Va ularning har ikkalasini ham bizga, el-ulusga qaytarib bergan shaxs – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bo‘ladi. Ha, shunday.

Sanalar, hujjatlar, iqtiboslar:

1990 yil 3 may. Birinchi Prezident farmoniga muvofiq, Navro‘z – umumxalq bayrami, deya e’lon qilindi va 21 mart dam olish kuni etib belgilandi. Islom Karimovning o‘zi esa “Ming yillar avval paydo bo‘lgan Navro‘zi olam xalqimiz uchun eng ko‘hna, asl milliy, sharqona yangi yil debochasi sifatida doimo sog‘inib, ardoqlab qarshi oladigan, har qaysi uyga shodlik va xursandchilik olib kelishi, xalqimizga mansub bo‘lgan an’ana va qadriyatlarni bezavol saqlab kelishi bilan barchamizga qadrli va azizdir”, deya baralla e’tirof etdi.

Hali istiqlol yo’q edi...

1991 yil 11 aprel. “An’anaviy milliy bayram “ro‘za hayiti”ni nishonlash haqida”gi Prezident Farmoniga imzo chekildi. “Inson e’tiqodsiz, iymonsiz yashay olmaydi. Chunki komil va sobit e’tiqod jamiyat ma’naviy qiyofasini belgilaydi. Bu borada Islom dini katta ahamiyatga ega” degan haqiqat aynan millat etakchisi tomonidan baralla e’tirof etildi.

Hali istiqlol yo‘q edi...

Millatni uyg’otish kerak edi, ulus tomiridagi buyuk bobolar qonini – azbaroyi millat saodati va uyg’onishi yo‘lida qayta jo‘shtirish lozim edi, elni birlashtirish kerak edi, xalqni – buyuk g’oyalar, yagona mafkura yo‘lida safarbar qilmoq lozim edi. Navro‘z ham, diniy qadriyatlarimiz ham shu ulug’ vazifani uddalash bobida zo‘r bir vosita bo‘ldi.

Ne baxtki, bugun endi o‘shal ulug‘ qadriyatlari o‘ziga qaytgan el rosmana, rasmona bayram qilmoqda. O’tgan asr so’nggi o’n yilligidan sekin-asta boshlanib, bugungi xalq siyratining uzviy, ajralmas qismiga aylangan o‘sha surur, o‘sha kayfiyat – bugungi o’tayotgan bayramlarda ham shak-shubhasiz zohir bo‘layotir. Chunki o‘zligini anglagan ulus – uni ko‘z qorachig‘idek avaylaydi. Necha ming yillik Navro‘z, qaytarib berilgan qadriyatlarimiz esa – o‘zining dilga muqim o‘rnashgani ila – asriy vazifalarini ado etishda davom etmoqda.

Asrimizning betimsol inshooti, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli bo‘lmish – Islom sivilizasiyasi markazining aynan ana shu ulug’ ayyomlar arafasida ochilganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo’nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur”.

Shunday. Oqqan daryo yana oqaveradi. Bu ko‘hna dunyoga tenggi yo‘q allomalarni bergan buyuk onalar boz yana o‘shanday ulug‘ o‘g‘lonlarni jahonga beraveradi. Eng muhimi, ruhiyatdagi, tiynatdagi – o‘sha g‘urur, o‘sha e’tiqod, o‘sha qat’iyat o‘lmasa, so‘nmasa bas.

Yaqinlashib kelayotgan, ko‘ngil va borliqni poklaydigan – ulug‘, qo‘shaloq ayyomlar barchamizga muborak bo‘lsin!

president.uz saytidan olingan va F.Qurbonboev fotosuratlari