ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Insholar tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi


03.04.2018

3 aprel kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida insholar tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tanlov Islom Karimov Fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodning respublikamiz yangi tarixi xususidagi hamda mamlakatimiz davlat mustaqilligini qaror toptirish, xalqaro barqarorlikni ta’minlash va Vatanimizning tarixiy-madaniy merosini qayta tiklashda Islom Karimovning tarixiy xizmatlari borasidagi bilimlarini oshirish maqsadida tashkil etildi.

22 yanvardan 22 fevralga qadar o‘tkazilgan tanlovda respublikamizning 74 ta oliy o‘quv yurtining 485 nafar talabasi ishtirok etdi.

Insholar quyidagi mezonlar asosida tanlab olindi: fikrlarning ravon va to‘g‘ri ketma-ketlikda bayon etilganligi, mavzuning to‘liq ochilganligi, mavzuga oid faktlar va misollarning o‘rinli keltirilganligi, shaxsiy fikr-mulohazalarning asosliligi, insholarning original va o‘ziga xosligi, badiiy yondashuvning mavjudligi va hokazo.

Tantanali tadbirga 20 nafar eng yaxshi deb topilgan insholar mualliflari taklif etildilar.

Ular dastavval Uzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gullar quyib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Shundan so‘ng talabalar “Butun olamni jo qilgan yurak” nomli ko‘rgazma ekspozitsiyasini ko‘zdan kechirishdi.

Tantanali marosimda g‘oliblarga mukofotlarni Fond Vasiylik Kengashi a’zosi, Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova hamda Fond Boshqaruvi Raisi Botir Ubaydullayev topshirdilar.

1-o‘rinni egallagan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining V-bosqich talabasi Otabek Akromovga 7 000 000 so‘mlik grant xamda Fond logotipi tushirilgan Apple MacBook Air 13 8/256 GB noutbuki takdim etildi.

2-o‘rin sovrindori Toshkent pediatriya tibbiyot institutining V-bosqich talabasi Malika Shorustamovaga 6 000 000 so‘mlik grant va Fond logotipi tushirilgan Apple iRad Pro 10.5 4G 256GB plansheti topshirildi.

3-o‘rinni egallagan Toshkent davlat yuridik universitetining IV-bosqich talabasi Nurbek Toshkanov 5 000 000 so‘mlik grant, xamda, Fond logotipi tushirilgan iPhone 8 64 GB smartfoni bilan takdirlandi.

Ijodiy ishlari yuqori ball to‘plagan 7 nafar ishtirokchiga rag‘batlantiruvchi sovg‘alar, ya’ni Fond logotipi tushirilgan Kindle bukriderlari taqdim etildi.

10 nafar tanlov goliblariga Uzbekistonda belgilangan eng kam ish xakining 5-barobari mikdorida pul mukofoti, diplom va maxsus sovgalar topshirildi.

Islom Karimov nomidagi Respublika Xayriya jamoatchilik fondi 2016 yilning oktabr oyida Lola Karimova-Tillyayeva va Tatyana Karimova tomonidan O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi-Birinchi Prezidentning xotirasini abadiylashtirish maqsadida ta’sis etilgan. Ta’lim sohasida grant dasturlarini amalga oshirish Fond faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Farxod Kurbanbayev olgan suratlar