ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Shavkat Mirziyoev: Xalqimizning olijanob fazilatlari bugun yanada kuchliroq joʼsh urmoqda


24.04.2020

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni globalinqiroz va pandemiya sharoitida mamlakatimiz aholisi bandligi masalalariga

bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor alohida toʻxtalib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:  – Bugungi kunga qadar 424 nafar yurtdoshimiz bu kasallikdan xalos boʻlib, reabilitatsiya rejimiga oʻtkazilgani barchamizga, butun el-yurtimizga katta kuch beradi.Yuzaga kelgan vaziyatni toʻgʻri tushunib, karantin qoidalariga ogʻishmay amal qilayotgan, koʻrilayotgan chora-tadbirlarni keng qoʻllab-quvvatlayotgan barcha yurtdoshlarimizga yana bir marta rahmat aytaman. Fursatdan foydalanib, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan, haqiqiy qahramonlik koʻrsatib, ushbu kasallikka qarshi kurashayotgan jonkuyar shifokorlarimizga, ular bilan bir safda turib xizmat qilayotgan xorijiy vrachlarga, shuningdek, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlariga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.

Muhtaram doʻstlar!

20-aprel kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida biz xalqaro va milliy talablarga toʻliq amal qilgan holda, mamlakatimizda karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatish, shu asosda tezroq normal hayotga qaytish boʻyicha dastlabki chora-tadbirlarni belgilab olgan edik.

Bugungi kunda virusdan xoli hududlardagi bir qator sanoat korxonalarida, qurilish maydonlarida, fermer va klaster xoʻjaliklarida, sanitar-epidemiologik normalarga qatʼiy amal qilgan holda, ishlar asta-sekin boshlandi.

Ayniqsa, “Koʻklamning har bir dami – gʻanimat!” degan daʼvatni oʻzlari uchun hayotiy shiorga aylantirib, dalalarimizda, tomorqalarda ter toʻkib, halol mehnat qilayotgan fidoyi dehqon va fermerlarimizga, klaster xoʻjaliklari rahbarlari va ishchi-xizmatchilariga oʻz rahmatimni aytaman. Albatta, biz koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni bir lahza ham toʻxtatmaymiz. Bu odamlarimiz, aholimizning sogʻligʻi, hayoti bilan bogʻliq oʻta muhim masala. Ayni paytda, biz 34 millionli xalqimizni oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan kafolatlangan holda taʼminlash, fuqarolar daromadlarining pasayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, yordam va koʻmakka muhtoj yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashdek gʻoyat dolzarb vazifani ham kechiktirmasdan hal qilishimiz kerak.

Buning uchun iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlari barqaror ishlashi shart. Koʻrinib turganidek, biz bir vaqtning oʻzida qator murakkab vazifalarni yechishimiz zarur.

Hozirgi ogʻir paytda aholimizning yordam va koʻmakka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli asosda qoʻllab-quvvatlash maqsadida “SAXOVAT VA KOʻMAK” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish haqidagi tashabbusni xalqimiz, jamoatchiligimiz koʻtarinki ruhda, qizgʻin kutib olgani barchamizni, albatta, xursand qiladi.

Bu masala boʻyicha muhtaram faxriylarimiz, olimlar, madaniyat va sanʼat arboblari, hurmatli ulamolarimiz, biznes hamjamiyat vakillari, yoshlarimiz tomonidan televideniye va roʻznomalarda, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar, samimiy munosabat bunday ezgu intilish xalqimizning yuragida, qalbida mujassam ekanini yaqqol tasdiqlaydi.

Bu samimiy fikr-mulohazalar el boshiga ish tushgan qiyin damlarda bir-biriga yelkadosh boʻlish, bir-biriga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish kabi eng olijanob fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida azaldan mujassam boʻlganini, bugun ushbu intilishlar yana-da kuchliroq joʻsh urayotganini namoyon etadi. Shu maʼnoda, ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Saxovatli insonning boshiga jannat daraxtlari soya soladi” degan soʻzlarida chuqur hikmat bor, albatta.

Men, mana shu tashabbusni chin dildan qoʻllab-quvvatlab, bu savobli ishga munosib hissa qoʻshayotgan barcha vatandoshlarimizga, saxovatli tadbirkorlarimizga muqaddas kitoblarimizda aytilgan: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, degan gapni yana bir bor eslatmoqchiman. Albatta, ehtiyojmand, kam taʼminlangan insonlar va oilalarga mehr va hurmat bilan yordam qoʻlini choʻzadigan barcha tadbirkorlar va fermerlarga, xoʻjalik birlashmalari vakillariga, vazirlik, idora va tashkilotlarning ishchi-xodimlariga bu qilgan yaxshiliklari bir necha bor ziyoda boʻlib qaytadi. Taʼkidlab aytaman: oʻz navbatida, davlatimiz, jamiyatimiz saxovatpesha tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Ularga hech qanday ogʻirlik tushmaydi. Shu maʼnoda, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz birligini, uning beqiyos qudratini yorqin namoyon etib, yangi tariximiz sahifalaridan mustahkam oʻrin oladi, deb ishonaman.

Mana, jonajon Vatanimizga Ramazoni sharif kirib kelmoqda. Ushbu ulugʻ ayyom munosabati bilan nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-uka, opa-singillarimizni, iymon-eʼtiqodli xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga tinchlik-omonlik, oilaviy xotirjamlik, baxtu saodat yor boʻlishini tilayman. Bugungi oʻtkinchi qiyinchiliklarga qaramasdan, Ramazoni sharif har doimgidek xonadonlarimizga, dillarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka baxsh etadi, bir-birimizga boʻlgan mehr-oqibatimizni yana-da ziyoda qiladi, deb ishonaman. Fursatdan foydalanib, uzoq-yaqin mamlakatlardagi moʻmin-musulmon birodarlarimizni ham samimiy tabriklab, ularga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan tinchlik va farovonlik tilayman. Hammamizga ayonki, Alloh taoloning marhamati bilan shahri Ramazonda ezgu niyatlar ijobat boʻladi.

Mana shu muborak oyda barchamiz tutgan roʻzalarimiz, qilayotgan duoi fotihalarimiz, xayrli amallarimiz sharofati bilan barcha mamlakatlar qatori el-yurtimizni ham ushbu ofatdan tezroq xalos etishini Yaratgan Parvardigordan soʻrab qolamiz.