ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

OZODLIK, TINCHLIK VA BARQARORLIK RAMZI


17.11.2023

«Jonajon Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan

davlat bayrog‘imiz, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan

Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltiraman».

Shavkat Mirziyoev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

O‘zbekiston Respublikasi davlat timsollarining ro‘yobga chiqishi mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning nomi bilan bog‘liq. Uning davlat rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan paytda mustaqillikning tamal toshi qo‘yilib, O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida, xalqaro siyoiy maydonda teng xuquqli sub’ekt sifatida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘ldi. Buning tasdig‘i sifatida BMT bosh qarorgohi, hamda boshqa bir qator nufuzli tashkilotlarning binolari oldida mustaqil davlatning bosh ramzlaridan biri – milliy bayrog‘imiz hilpiray boshladi.

Rasmiy delegatsiyalarning xorijga safari, xalqaro mashvaratlar va sport musobaqalari davomida tinchlik, ezgulik va adolat ramzi bo‘lmish bayrog‘imiz munosib ravishda mamlakatimizni dunyoga tanitadi.

O‘zbekistonning yangi tarixi solnomasiga 18 noyabr 1991 yil sanasi oltin harflar bilan bitilgan.  Aynan shu kuni Islom Karimovning tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan. Unda respublikaning o‘ziga xos tabiati, xalqimizning milliy va madaniy an’analari qatorida, davlatimizning tinchlikparvar siyosati va yorug‘ kelajak sari intilishi ramziy ma’noda ifoda etilgan.

Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlarning birida Islom Karimov : “Mustaqillik deganda, uning ma’no-mazmunini biz avvalo huquq deb qabul qilamiz. Mustaqillikka erishish – bu o‘z taqdirimizni qo‘limizga olib, yurtimizning er osti va er usti boyliklariga ega bo‘lish, biz qanday ulug‘ tarix, madaniyat va ma’naviyatga ega ekanimizni, o‘zligimizni chuqur anglab, beqiyos salohiyatimizni ishga solish, qadriyatlarimizni, dinu diyonatimizni tiklash kabi buyuk va muqaddas burchimizni amalga oshirishdir”, deya ta’kidlagan. 

Ushbu fikr va g‘oyalarning uzviyligi har bir o‘zbekistonlik uchun qadrli bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i timsolida aks ettirilgan.

Uni qadrlash va asrash orqali, har birimiz yangi tarixiy yo‘lni boshlagan O‘zbekistondagi ulkan yaratuvchilik jaryoniga bevosita daxldorligimizni chuqurroq his etamiz.

Milliy tiklanishdan-milliy yuksalish sari degan g‘oya bugun YAngi O‘zbekistonning, har bir vatandoshimizning istiqbolga qaratilgan azmu qaroriga aylandi. Tiklanishsiz yuksalish bo‘lmaganiday, buyuk niyat va maqsadsiz samarali harakat, nurli kelajak bo‘lmaydi. Ana shu ma’noda Davlat ramzlari bugun xalqimizga hayot sinovlarini mardona engib o‘tishda, har kun, har lahza g‘urur va matonat bilan milliy yuksalish sari qadam tashlashda betimsol qudrat va bunyodkorlik ruhini baxsh etmoqda.

F.Qurbanbaev suratlari

J.Komilov kollaj muallifi