ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashuv


19.01.2018

Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Shunday tadbirlardan biri joriy yilning 19 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tomonidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil qilindi. Unda Toshkent shahri va viloyati kasb-hunar ta’limi tizimi o‘qituvchi va o‘quvchilari, taniqli olim va mutaxassislar, shuningdek ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, mamlakatimiz Birinchi Prezidentiga hurmat bajo keltirdilar.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining rafiqasi T.A.Karimova, Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari T.Shirinov, taniqli olim va mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindorlari va boshqalar ta’kidlaganlaridek, shu yil 30 yanvar kuni mustaqil davlatimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27 noyabrda qabul qilingan qaroriga muvofiq yurtimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Respublikamizning barcha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at arboblari hamda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirokida Islom Karimovning tavallud kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, ularda o‘quvchi yoshlar faol qatnashmoqda.

Vatanimiz, xalqimizga butun borlig‘ini baxshida etib, fidoyilik ko‘rsatib yashagan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimovning ibratli hayoti va faoliyati mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik ruhida, mustaqillikka sadoqatli bo‘lib tarbiyalashga xizmat qilishi qayd etildi. Xalqimiz mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlarni haqli ravishda Islom Karimov nomi bilan bog‘laydi.

Tadbir ishtirokchilariga “O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi” deb nomlangan hujjatli film namoyish etildi.

V.Uspenskiy nomidagi Respublika musiqaga ixtisoslashgan akademik litseyining xalqaro tanlovlar g‘oliblari va ishtirokchilari tomonidan o‘zbek xalq musiqasi namunalari ijro etildi.