ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

“Milliy armiya –istiqlolimiz mustahkamligining garovi”


11.02.2019

Har qanday davlatning mustaqilligini birinchi navbatda uning o‘z armiyasi himoya qilishi kerak. O‘tgan yillar mobaynida yurtimizda davr talabi va jahon andozalariga mos Qurolli Kuchlarni barpo etish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimovning, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 19 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan tabrigida "Shu davr ichida amalga oshirilgan ishlarni baholar ekanmiz, bugungi kunda O‘zbekiston amalda o‘zining zamonaviy, ixcham va harakatchan, yaxshi qurollangan, mamlakatimiz barqarorligi va xavfsizligini, sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyasiga ega deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor", degan fikrlari tizimda o‘tkazilgan islohotlar natijasiga berilgan haqqoniy bahodir.

O‘zbekiston uzoq yillar davomida Qurolli Kuchlarining soni, jangovor salohiyatidan kelib chiqib, turli mamlakatlarning harbiy xavfsizligi darajasiga baho beruvchi xalqaro tahliliy markazlarning reytinglarida hamisha yuqori o‘rinlarni egallab kelgan. Markaziy Osiyoda esa, eng peshqadam mavqeda bo‘lgan.

Bugungi kunda ham harbiy salohiyat bo‘yicha butunjahon indeksida (Global Firepower Index) O‘zbekiston Qurolli Kuchlari 128 mamlakat orasida 39- o‘rinni egallab turibdi. Sobiq ittifoq davlatlari orasida esa, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari harbiy salohiyat bo‘yicha Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi o‘rinda qayd etilgan.

Mana shu mavzuda so‘z yuritilgan davra suhbati Birinchi Prezident tavallud topgan kunga, Islom Karimovning xotirasiga bag‘ishlandi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi binosida 8 fevral kuni o‘tkazildi.

«Milliy armiya-istiqlolimiz mustahkamligining garovi» mavzusidagi davra suhbatida Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy va Toshkent shahar kengashlari vakillari, Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasi hamda Islom Karimov Fondi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi ofitser va serjantlari, faxriylar ishtirok etishdi.

Mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashda, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlashda, xalqaro miqyosda milliy armiya nufuzini oshirishda Birinchi Prezidentning roli haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Islom Karimovning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq yorqin xotiralar tilga olindi.

Tatyana Akbarovna o‘z so‘zida Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamdagi ishlar uchun Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirdi. Xotira kechasi tashkilotchilari va ishtirokchilarga Yodgorlik majmuasi va Islom Karimov Fondining esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘z navbatida, tadbir tashkilotchilari tomonidan hadya qilingan sovg‘alarni Tatyana Karimova mamnuniyat ila qabul qilib oldi.

Poytaxtimizdagi 184-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Sardor Saydullayev tomonidan mozaika uslubida tayyorlangan Islom Karimovning portreti eng aziz, bebaho sovg‘a sifatida e’tirof etildi.