ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MAMLAKATIMIZNING ASOSIY QONUNI


04.12.2023

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida “Konstitutsiya – demokratik taraqqiyotning huquqiy asosi: tarixiylik va uzviylik” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi demokratik taraqqiyotning huquqiy asosi ekanligi haqida so‘z yuritildi. Davra suhbatida  O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari, mamlakatimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan olimlar, mutaxassislar, ekspertlar taklif etildi. Tadbir ishtirokchilari Birinchi Prezidentimiz, mustaqil O‘zbekiston asoschisi xotirasiga bag‘ishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi bilan tanishishdan boshlandi. Foto va badiiy eksponatlar Islom Abdug‘aniyevich Karimov hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi.

Mamlakatimizning asosiy qonuniga bag‘ishlangan muloqotda Toshkent Davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti hamda mamlakatimizdagi yetakchi huquqchi professor olimlarimiz faol ishtirok etdilar. Davra suhbatida moderatorlik qilgan Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmua rahbari Temur Shirinov mustaqilligimizning dastlabki yillarida qabul qilingan asosiy qonun O‘zbekiston pasporti bo‘lib, xalqning demokratiya va suverenitet yo‘lidan borish irodasini ko‘rsatib, Konstitutsiyamiz muhim ahamiyatga ega ekanini va yangi tahrirdagi konstitutsiyamiz mamlakatimizning yanada taraqqiyot rivojlanishiga xizmat qiladi deb ta’kidladi.

Davra suhbatida olimlar va mutaxasislar ma’ruzlar bilan faol ishtirok etishdi. Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg’unov Konstitutsiyaning yaratilish tarixi, konstitutsiyaviy huquqning muhim jihatlari haqida gapirib o’tdi. Davra suhbatida davlatimiz ijtimoiy siyosatining huquqiy asoslari, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, dinlararo bag‘rikenglik haqida ham ma’ruzalar bo‘ldi. Asosiy qonunning yangi tahrirdagi o‘rni qayd etilib, unda mamlakatimizni hozirgi bosqichda yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Mamlakatimizning yangilangan asosiy qonuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining umume’tirof etilgan normalari va boshqa xalqaro qoidalarga muvofiq, shaxs, huquq va erkinliklarini ta’minlashning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlaydi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizning asosiy qonuni jamiyat hayotining barcha jabhalariga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilishi kerak degan fikr bildirishdi.

F.Qurbanbaev suratlari