ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

KONSTITUTSIYA – XALQ TAYАNCHI


07.12.2021

Islom Karimov o‘ta murakkab bir sharoitda, nafaqat yurtimizda, balki butun sobiq ittifoq hududida tahlikali vaziyat yuzaga kelgan, parokandalik boshlangan, fojiali voqealar  ro‘y byerayotgan 1989 yilda, mamlakatimizda tinchlik, millatlararo totuvlikni saqlab, siyosiy va iqtisodiy inqirozga yo‘l qo‘ymasdan yurt va xalqni jar yoqasidan qaytara olgan mard va odil etakchi bo‘lib maydonga chiqdi. O‘sha yillari siyosiy va iqtisodiy jihatdan barqaror, tinch va farovon O‘zbekistonni barpo etishda, mamlakatni istiqbolda taraqqiy ettirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladigan Konstitutsiyani yaratish, ustuvor vazifaga aylanganini bugun yana bir bor yodga olish o‘rinlidir.

          Tarixan qisqa muddatda mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatning murakkabligiga, atrofimizdagi beqarorliklarga qaramasdan Mustaqil O‘zbekistonning Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha juda katta, misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Davlatning Bosh hujjati davlatimizni iqtisodiy va siyosiy rivojlantirishga keng imkoniyatlarni ochib beruvchi hujjat sifatida ilg‘or mamlakatlarning huquqiy amaliyotini o‘zida to‘liq mujassam etdi.

          Mazkur hujjatni tayyorlashda komissiyaning raisi – Islom Karimovning qarash va intilishlari yagona maqsadga yo‘naltirilgan edi.  Ya’ni, O‘zbekiston, insonparvarlik tamoyillariga asoslangan, millati, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va siyosiy qarashlaridan qat’iy nazar, fuqarolarning huquq va erkinliklari ta’minlangan, kelajagi buyuk mustaqil demokratik davlat ekanligi Konstitutsiyada to‘liq ifoda etilishi shart.

          Uch oy davomida Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tib, 1992 yil 8 dekabr kuni O‘zbekiston Parlamenti mazkur tarixiy hujjatni qabul qildi. Shu kundan boshlab ushbu sana mamlakatimizda keng nishonlanib kelmoqda.