ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

KITOBGA OSHNO QALBLAR


26.02.2026

So‘nggi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy hayotida “kitobxonlik madaniyati” degan tushuncha tobora keng quloch yoyib bormoqda. O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish, infratuzilma va o’quv tizimi, kitobxonlik bilan bog‘liq muammolarga samarali echimlar ishlab chiqish maqsad qilingani aniq. Qator-qator Farmonu qarorlar, dasturlar qabul qilinib, ularda – barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirishning alohida ahamiyati tobora kengroq ko’lam kasb etayotir.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotida ham ayni masala ko’tarilib, “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg’armasi orqali yangi o‘quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat to‘plamni tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga etkazish, eng faol kitobxon o‘quvchilarni 10 million so’mdan mukofotlash vazifasi qo‘yildi. Zero, yoshlarda kitob o‘qish ko‘nikmasi shakllansa, kamoloti yo‘lida qolgan barcha amallarni kitobning o‘zi o‘rgatadi.

Ana shunday bilimga chanqoq, kitobga oshno yoshlarning bir guruhi – Renessans ta’lim universitetining filologiya fakulteti talabalari Islom Karimov nomidagi kutubxonada mehmon bo’lishdi. Talabalarga kutubxonadan foydalanish tartib-qoidalari, uning ish tartibi, kutubxona joylashgan bino tarixi, Birinchi Prezidentning shaxsiy kutubxonasidan keltirilgan kitoblar, uning asarlari, monografiyalar, kutubxonaning nodir adabiyotlar jamg’armasi haqida batafsil so‘zlab berildi.

“Birinchi Prezidentimiz yoshlarga doimo Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi ulug’ ajdodlarimizdan o’rnak olib yashashni uqtirib, ular bilan faxr, g’urur tuyg’ularini singdirgan. Biz yoshlar u kishidan o‘rnak olgan tarzda, endilikda buyuk bobolarimiz qatorida Islom Karimov bilan ham faxrlanamiz, u kishining nomi bilan ataladigan kutubxonaning faollariga aylanamiz”. Bu – talabalar sardori Feruza Rahmonberdievaning tengdoshlari nomidan aytgan samimiy fikrlari edi.

Ekskursiya nihoyasida talabalar esdalik uchun kutubxonaga – universitet rahbariyati nomidan – o‘quv dargohi logotipi tushirilgan kulolchilik namunasini tuhfa qilishdi.

T.Qurbonboev fotosuratlari