ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

XALQ VA ARMIYA – BIR TANU BIR JONDIR


13.01.2025

“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mamlakat mustaqilligini hamda hududiy yaxlitligini, xalqimizning tinch hayotini va mustaqillikni mustahkamlash yo‘lidagi bunyodkorlik mehnatini himoya qilishdagi, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini, shuningdek, O‘zbekiston hududida joylashgan harbiy tuzilmalarning 1992 yil 14 yanvardan respublika yurisdiksiyasiga o‘tkazilganligini inobatga olib, 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni etib belgilansin”.

Bu ko‘chirma mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 1993 yil 29 dekabrda imzolangan Qonundan olindi. Shundan buyon, mana, 32 yil o‘tibdiki, biz bu kunni umumxalq miqyosda nishonlab, bayram qilamiz. Bayram asnosida “Vatan himoyasi”, “yurt sarhadlari daxlsizligini ta’minlash”, “tinchlikni asrash” kabi kalomlarni takror aytib, shu muqaddas ishga umri-yu jonini tikkan o‘g‘lonlarimizni alqaymiz. Bugun esa, ne tongki, Vatan himoyachilarini qutlash barobarida, shu bayram va unga sababchi insonni ham eslab turibmiz.

Chunki O‘zbekiston Oliy Kengashining 1992 yil 14 yanvarda o‘tgan sessiyasida aynan Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston hududida joylashgan barcha quruqlikdagi qo‘shinlar qismlarini Respublika yurisdiksiyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 1993 yildan boshlab esa xuddi o‘sha kun bayram deb e’lon qilindi. Aynan Birinchi Prezident va Oliy Bosh qo‘mondon Islom Karimov sa’y-harakatlari bilan milliy mudofaa tizimi shakllantirilib, mamlakat mustaqilligi, chegaralar daxlsizligi, xalq tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishga qodir bo‘lgan zamonaviy milliy armiya barpo etildi, yurtda tinchlik va osoyishtalik hukm surdi.

Shu o‘rinda, xonasi kelgani bois, bir hayotiy misolni ham eslab o‘tmoq lozim bo‘ladi. Ma’lumki, Prezident – Konstitutsiya bo‘yicha mamlakat Oliy Bosh qo‘mondon hisoblanadi. Islom Karimov esa, shunday rutbaga ega bo‘la turib, biror marta egniga Oliy Bosh qo‘mondonlik libosini kiymagan ekan. Shu misolning o‘zi ham, uning davlat rahbari sifatida ichi-ichidan, qalban naqadar tinchliksevar va tinchlikparvar bo‘lganiga misol bo‘la oladi.

Islom Karimovdagi tinchliksevarlik shu darajada ediki, mavzuga aloqalar suhbatlar va intervyularida ham “O‘zbekiston hech qachon hech qanday harbiy bloklarga a’zo bo‘lmaydi. Mamlakat hududida ham bundan buyon hech qanday davlat harbiy bazasi mavjud bo‘lmaydi. O‘zbek xalqi, inchunun, mening farzandlarim hech vaqt, hech bir davlatdagi urushda qatnashishiga yo‘l qo‘ymayman”, deya mudom takrorlar edi. Shunday bo‘ldi ham.

Mustaqillikning ilk yillaridagi mazkur tinchlikparvar siyosat bugungi – Yangi O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining ham, mudofaa salohiyatining ham negizi bo‘lib kelmoqda. 2018 yil 9 yanvarda qabul qilingan, u bilan “harbiy” so‘zi “mudofaa”ga o‘zgargan – “O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi” orqali zamonaviy dunyoning tashqi tahdidlari sharoitida ham O‘zbekistonning tutgan yo‘li va prinsiplari – faqat mudofaaga, o‘z tuprog‘i himoyasiga asoslanishi to‘g‘risidagi tugal xulosalarni beradi. Mazkur hujjatda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston mudofaa sohasidagi siyosatining asosiy maqsadlari – mustaqillikni, suverenitetni, hududiy yaxlitlikni va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, davlatning harbiy xavfsizligini ta’minlash. Bu muqaddas burchni esa bugungi tahlikali dunyoda barchamiz yanada teranroq anglab bormoqdamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Keyingi yillarda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu g‘oya asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, harbiy qurilish sohasini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borayotgan islohotlarimiz natijasida milliy armiyamizda chuqur sifat o‘zgarishlari yuz bermoqda, uning saflarida xizmat qilish tom ma’noda shon-sharaf ishiga aylanib bormoqda”.

Xullas kalom, zimmasiga yurtni, undagi murg‘ak go‘daklardan tortib, nuroniy ota-onalarimiz tinchligi, ori-yu sha’nini asrashdek ulug‘vor vazifa, missiya yuklangan alpomish o‘g‘lonlarimiz, tom ma’nodagi vatanparvar yigit-qizlarimiz bayrami bugun. Ularni qutlash, sharaflash barobarida, yurtimiz osmoni mudom musaffo, zaminimiz turli ofatlardan holi, ko‘ngillarimiz esa turfa tahlikalardan ozod bo‘lishini tilab qolamiz.

F.Qurbonboyev fotolari