ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Istiqlol tiklagan qadriyatlar: Navro‘zi olam


17.03.2018

16 mart kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmuasida an’anaviy ochiq mashg‘ulot o‘tkazildi. Bu galgi tadbir «Istiqlol tiklagan qadriyatlar: Navro‘zi olam» mavzusiga bag‘ishlandi.

Dastavval tadbir qatnashchilari Birinchi Prezidentimizning haykali poyiga anvoyi gullar qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Islom Karimovning 80 yilligiga bag‘ishlangan «Butun olamni jo etgan yurak» nomli ko‘rgazma yoshlarni befarq qoldirmadi. Ko‘rgazma mutaxassislari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot, turli mazmundagi savol-javoblar, bu yerdagi fotosuratlar, tasviriy san’at ustalarining ijod mahsullari mehmonlarda, ayniqsa yoshlarda katta qiziqish uyg‘otganidan dalolat beradi.

Majmuaning konferensiya zali har galgidek tinglovchilar bilan gavjum bo‘ldi. Yodgorlik majmuasi rahbarining o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev Oqsaroy qarorgohida Islom Karimovning xotirasiga hurmat tariqasida mana shunday majmuani barpo etishga qaror qilgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning g‘oyasi, xali dunyoning biron bir mamlakatida amalga oshirilmagan loyiha ekanligiga alohida to‘xtaldi. Ya’ni, Birinchi Prezident hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey hamda uning merosini o‘rganishga qaratilgan ilmiy markazning aynan Islom Karimov umrining asosiy qismi o‘tgan, uning bevosita ish joyi bo‘lgan Oqsaroyda joylashtirilishi ma’naviy, mantiqiy nuqtai-nazardan uzoqni ko‘zlab qabul qilingan qaror sifatida e’tirof etildi.

Taniqli shoir Sirojiddin Said Islom Karimovning tarixiy qadriyatlarimizni tiklashdagi xizmatlariga to‘xtalar ekan, Navro‘zning xalqimizga qaytarilishi, o‘sha paytlarda hech mubolag‘asiz jasorat bilan tenglashtirishga loyiq qadam bo‘lganini ta’kidladi.

Milliy universitet dotsenti Shahnoza Madayeva o‘z chiqishida Islom Karimovni o‘tmish bilan kelajakni bog‘lagan shaxs sifatida ta’riflab, buning amaliy tasdig‘ini sermazmun mulohazalari asosida yoritib berdi.