O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyatidagi ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Buyuk Yo‘lboshchimiz tahsil olgan Samarqand shahridagi 21-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda ta’lim muassasasi o‘qituvchi va o‘quvchilari, mahallalar aholisi, shahar jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari A.Umarov va boshqalar Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk siyosatchi sifatida Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatganini ta’kidladi. U kishining Samarqandga bo‘lgan farzandlik mehri va sadoqati tufayli mustaqillik yillarida ushbu shaharda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilgani qayd etildi.
Islom Karimovning sinfdosh do‘stlari Sh.Sharopov, Yu.Bilenko esa bu ulug‘ insonning bolaligi, o‘quvchilik yillari, shuningdek, ustozlari va sinfdoshlariga bo‘lgan samimiy munosabati haqida to‘lqinlanib gapirdi.
– Yoshimizda biroz farq bo‘lsa-da, mahallada birga o‘sganmiz, maktabga birgalikda qatnaganmiz, – deydi T.Ahmedjonov. – Islom Karimov bolalikdan har bir ishni puxta reja bilan bajarar, darsdan so‘ng turli to‘garaklarga qatnashardi. Hatto, yozgi ta’til paytlarida ham qo‘lidan kitob tushmasdi. Biz shunday ulug‘ inson bilan bir maktabda o‘qiganimiz, u bilan zamondosh bo‘lganimizdan faxrlanamiz. Islom Karimov nafaqat mahalladoshlari va do‘stlari, balki butun O‘zbekiston xalqi qalbida yashamoqda.
Tadbirda maktab o‘quvchilari tomonidan Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi, she’rlar o‘qildi.
G‘olib Hasanov, O‘zA