2018 yil 13 aprel kuni Samarqand shahrida “Islom Karimov – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishi va uni barqaror rivojlanish yo‘lidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olgan holda, shuningdek uning xotirasini abadiylashtirish ishlarini davom ettirish maqsadida tashkil qilindi.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi, Samarqand davlat universiteti shuningdek Samarqand viloyati hokimiyati tomonidan o‘tkazildi.
Konferensiya yalpi majlisida O‘zR FA akademigi Behzod Yuldashev (O‘zR FA prezidenti), Tatyana Karimova ( Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi ta’sischisi), Qozog‘iston-nemis universiteti bo‘lim boshlig‘i Raushan Serik (Qozog‘iston), Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari Temir Shirinov, Yozuvchi Muhammad Ali Ahmedov kabi yirik fan va jamoat arboblari ishtirok etishdi.
Konferensiya ishi ikki sho‘bada tashkil qilindi. “O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritilishi va mustahkamlanishida Islom Karimovning o‘rni” deb nomlangan birinchi sho‘bada Islom Karimovning mamlakat taraqqiyotidagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy roli kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Birinchi sho‘ba ishida taniqli tadqiqotchilar va boshqalar qatnashdi.
Ikkinchi sho‘ba “O‘zbekistonning xalqaro aloqalarini rivojlantirishda Islom Karimovning hissasi" deb nomlanib, unda qatnashchilar O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasi, Tojikiston, Fransiya o‘rtasidagi madaniyat va ta’lim sohasidagi aloqalarini, Islom Karimovning Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga qo‘shgan hissasi va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aloqalariga oid boshqa ma’ruzalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Islom Karimov Xotira majmuasiga tashrif buyurildi va gullar qo‘yildi, shuningdek Samarqand shahri bo‘ylab sayohat uyushtirildi.