Eslatib o‘tish joiz, shayx Ahmad al-Fahad al-Sabah 1997 va 2015 yillarda Islom Karimovga Osiyo Olimpiya Kengashi mukofotlarini topshirgan edi.
29 aprel kuni Yodgorlik Majmuasida yuqori martabali mehmon Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova bilan uchrashdi va rasmiy muloqot davomida O‘zbekiston rahbariyatining Islom Karimov xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan sa’yi harakatlarini yuqori baholadi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Osiyo sporti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan Islom Karimovning xizmatlari alohida e’tirof etildi.
O‘zbek xalqining madaniy merosi, milliy sport turlaridan biri – Kurashning Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgani, nafaqat O‘zbekiston, balki jahon sporti harakati tarixida muhim voqea bo‘ldi.
Bugungi kunda Kurash dunyoning 50 dan ziyod davlatlarida rivojlanib, mazkur sport turi bo‘yicha jahon bellashuvlari hamda qit’alararo olimpiya musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.
O‘z navbatida Tatyana Karimova Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita rahbarligida Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, xususan «Oqsaroy» qarorgohi hududida tashkil etilgan Yodgorlik majmuasi xususida alohida to‘xtalib, mamlakat rahbariyatiga yana bir bor o‘z minnatdorligini bildirdi.
Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Islom Karimov xotirasi bilan bevosita bog‘liq joyga qadam ranjida qilganidan mamnunligini hamda Yodgorlik majmuasi muzeyini tashkil etish ishlariga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov ishtirok etdilar.