ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

INSON QADRI ULUGʻ – XOTIRASI MUQADDAS


08.05.2024

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasida “Xotira va qadrlash kuni” arafasida boʻlib oʻtgan ma'rifiy tadbir shunday nomlandi.
Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 79 yilligi arafasida mamlakatimizda oʻtkazilayotgan marosim va uchrashuvlar – urushda halok boʻlgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimiz obroʻ-e'tiborini yuksaltirishga, qolaversa, yoshlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan faxriylarni e'zozlashga qaratilayotgani ma'lum.
Tadbirni ocharkan, majmua rahbari, tarix fanlari doktori Temir Shirinov shu va boshqa jihatlar haqida soʻz yuritdi. Notiq oʻz chiqishida Oʻzbekistonda bir paytlar keng qoʻllanilgan, sobiq ittifoq davri ruhidagi “gʻalaba”, “Ulugʻ Vatan urushi” tushunchalari oʻrniga – oʻtganlarni xotirlash, tiriklarning esa qadrini joyiga qoʻyishdek tuygʻularni kamol toptirishda tashabbuskor boʻlgan Birinchi Prezidentimizning tarixiy roli toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Tadbirda soʻzlagan Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashining Toshkent viloyati hududiy boʻlinmasi hamda 62608-harbiy qism vakillari ham – Islom Karimovning mustaqil davlat mudofaa tizimining asoschisi sifatidagi buyuk xizmatlari, uning gʻoyat tinchlikparvar siyosat yuritgani, bugungidek xotira tadbirlari – Vatan himoyachilari boʻlmish yosh askarlarning ma'naviy tarbiyasida muhim oʻrin tutishi borasida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashishdi.
Yodgorlik majmuasi muzey direktori Oybek Abdimoʻminov esa – Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaga ona vatanimiz Oʻzbekiston tomonidan qoʻshilgan ulkan hissa, xususan, 1941 yil arafasida respublika aholisi 6 million 800 mingdan ziyod boʻlgani, shundan qariyb 2 millioni frontga otlangani, bu qahramon insonlarning 500 mingdan ziyodi janglarda halok boʻlgani, urushdan jabr koʻrgan 1 yarim milliondan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikaga koʻchirib keltirilgani kabi va boshqa tarixiy ma'lumotlarni foto va jadvallar vositasida taqdimot qildi.
Tadbir soʻngida harbiy qism askarlari tomonidan vatanparvarlik, qolaversa, Islom Karimovning pok xotirasiga bagʻishlab ijro etilgan she'rlar, kuy-qoʻshiqlarni tinglab, beixtiyor oʻz vaqtida xotira va qadrni ulugʻlagan buyuk insonning oʻzi ham vaqti kelib, ulugʻ bir xotirlashga munosib koʻrilajagiga amin boʻlasan.


T.Qurbonboev olgan suratlar