ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

“IKKI TILDA SO‘ZLASHUVCHI BIR XALQ”


23.10.2024

O‘zbekiston va Tojikiston – umumiy tarix va mushtarak ma’naviy qadriyat, urf-odatlar, ko‘p asrlik hurmat an’analari birlashtirib turadigan, tarixan Buyuk ipak yo‘lining o‘ta muhim bo‘g‘ini hisoblangan Markaziy Osiyoning ikki davlati. Ma’joziy ma’noda aytganda, bizni –  “ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq”, deya ta’riflash mumkin.

O‘tgan asrlar davomida xalqlarimiz Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar hukmronligida, Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari, shuningdek, Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan. Ammo barcha davrlarda ham o‘zbek va tojik xalqlari azaliy do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik an’analarini davom ettirib, o‘z yashash tajribasiga ega millatlar sifatida – yonma-yon, ahil va inoq umr kechirishgan.

Mustaqillikka erishgach, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida yangi bosqich ochildi – 1992 yil 22 oktyabrda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.

So‘nggi yillarda har ikkala yurt rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning siyosiy irodasi va birgalikdagi qat’iy sa’y-harakatlari bois o‘zaro munosabatlarni yanada taraqqiy ettirish strategiyasini belgilash va uni amalga oshirishda o‘ta muhim qadamlar qo‘yib kelinmoqda.

Joriy yilning 22 oktyabr kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmuaga – uning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi Nizom Mirzozoda rahbarligidagi qo‘shni davlat delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Majmua ochilishidagi tajriba, uning maqsadi, tashkiliy tuzilmasi hamda vazifalari bilan yaqindan tanishish niyatida kelgan mehmonlar dastlab O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, ikki xalq uchun ham birdek hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan ulug‘ shaxs – Islom Karimov haykali, shuningdek, u uzoq yillar bevosita faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohini ziyorat qilishdi.

Hozir muzeyga aylantirilgan bu bino 1997-1999 yillarda qurilgan bo‘lib, buyuk Sohibqiron Amir Temur barpo etgan tarixiy Oqsaroy sharafiga shu nomni olgan. Uch qavatli, balandligi 29 metrdan iborat oq marmar bino zamonaviy uslubda barpo etilgan, umumiy maydoni 5270 kvadrat metrni tashkil etadi. Islom Karimov bu binoda 1999-2016 yillarda o‘z faoliyatini olib borgan.

Mehmonlar rahbari lutf qilganidek, aynan 22 oktyabrda, davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga roppa-rosa 32 yil to‘lgan kunda – o‘sha hamkorlik poydevorini qo‘ygan tarixiy shaxslardan birining o‘chmas nomi va amalga oshirgan buyuk ishlari yodga olinayotganida ham ramziy ma’no bor.

Majmua Vasiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimova tojikistonlik mehmonlarga – majmua binosining yaratilishi, Islom Karimov davlat rahbari sifatidagi ongli umrining salmoqli qismini aynan shu yerda kechirgani va tabiiyki, O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega qarorlar ayni shu binoda qabul qilingani, bugunga kelib, bu inshootning – Mustaqillik asoschisi nomi bilan ataladigan ilmiy-ma’rifiy majmuaga aylantirilgani, ayni yuksak e’tibor uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor ekanligini jonli va hayotiy misollar bilan so‘zlab berdi.

Majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov ham o‘z navbatida qardosh mamlakatning yuksak martabali mehmonlarini o‘zbek zaminida qutlashdan mamnun ekanini izhor etib, tarixchi olim sifatida bu kabi maskanlar – eng yangi tariximizning jonli va hayotiy ko‘zgusi ekani, ayni kezda shu kabi tarixiy va ilmiy-ma’rifiy inshootlar yaratish bo‘yicha o‘zaro ma’lumotlar almashish masalalarida hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Mehmonlar Yodgorlik majmuasining Ko‘rgazmalar zalida bo‘lib, “Butun olamni jo qilgan yurak” nomli galereya hamda uning negizida namoyishga qo‘yilgan Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyatiga oid turli san’at asarlari – kartinalar, portretlar, fotolar, peyzaj va haykaltaroshlik namunalari bilan yaqindan tanishishdi. Shu yerning o‘zida mehmonlar uchun qo‘yilgan esdalik kitobiga o‘z taassurotlarini bitib qoldirishdi.

Shundan so‘ng, bir paytlar Birinchi Prezidentning “Qabullar uyi” sifatida foydalanilgan, bugungi kunda Islom Karimov nomidagi kutubxona joylashgan tarixiy bino bo‘ylab sayohat tashkil qilindi. Islom Karimovning shaxsiy kutubxonasidan keltirilgan, jahon miqyosidagi tarixiy shaxslar dastxatlari bitilgan noyob asarlar, qolaversa, kutubxona fondi 50 mingdan ortiq  kitob va 30 mingdan ortiq jurnallardan tashkil topgan, to‘liq matnli elektron kitoblar soni esa 3 mingdan oshgan ziyo maskani ham Tojikistonlik do‘stlarimizda katta taasurot qoldirdi.

Darvoqe, o‘zaro esdalik sovg‘alar almashinuvi marosimi chog‘ida mehmonlar delegatsiyasi rahbari tomonidan aytilgan mana bu gap – tashrif tafsilotlariga ham, u bo‘yicha qilgan mulohazalarimizga ham mantiqiy nuqta qo‘ya oladi: “O‘z tarixini ko‘z qorachig‘idek, boz ustiga, mana shunday yuksak darajada avaylab asray olish ham – buyuk o‘zbek xalqining donishmandligiga yana bir bor isbot bo‘la oladi”.

T.Qurbonboyev olgan fotolar