ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Hamisha xotiramizda, qalbimizdasiz…


12.09.2018

Yodgorlik majmuasida harbiylar bilan bo‘lib o‘tgan yana bir uchrashuv e’tiborga molik voqeaga aylandi.

 

Bu yil noyabr oyida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining 100 yilligi nishonlanadi.

Ko‘p tarmoqli ofitserlarni tayyorlovchi mazkur bilim yurti, respublikamizdagi harbiy yo‘nalishdagi o‘quv dargohlari orasida boy tarixi, shonli an’analari bilan o‘ziga xos obro‘ga ega ta’lim muassasasi hisoblanadi.

 

12 sentabr kuni bilim yurti o‘qituvchi va kursantlaridan iborat ofitserlar guruhi Yodgorlik majmuasiga kelib, Respublikamizning Birinchi Prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna ishtirokida «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tgan tadbir barqarorlik va taraqqiyotning kafolati – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining asoschisi Islom Karimovning xotirasiga bag‘ishlandi.

 

Tatyana Akbarovnaga bilim yurti kursanti tomonidan yaratilgan Birinchi Prezidentning portreti, Islom Karimov bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘lgan yana bir kursantning ijod mahsuli – she’riy to‘plam va boshqa turdagi esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Ayniqsa harbiylarning bosh kiyimi – «pilotka» Tatyana Akbarovnaga juda yarashganini ko‘rgan mehmonlar, «Endi siz ham bizning safimizdasiz» - deya o‘z quvonchlarini yashira olmadilar.

Juda ochiq va samimiy kechgan uchrashuvda bilim yurtining muzeyiga hamda tashrif buyurganlarning barchasiga Islom Karimovning 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan maxsus medal, «Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» xotira kitobi va yangi chop etilgan ko‘rgazma katalogi sovg‘a qilindi.

 

Harbiylar Tatyana Akbarovnaga chuqur minnatdorlik bildirib, faxriy mehmonlar kitobida quyidagi so‘zlar bitilgan dastxat yozib qoldirdilar.

«O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining asoschisi Birinchi Prezidentimiz doimo xotiramizda, qalbimizda.»