ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

ESDALIK NISHONLARI TOPSHIRILDI


30.08.2021

2021 yilning 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasining bir guruh xodimlarini "O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi" ko‘krak nishonlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yodgorlik majmuasi rahbari, professor Temur Shirinov yig‘ilganlarni Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan tabriklab, esdalik nishonlarini o‘z egalariga topshirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 avgustdagi Farmoniga ko‘ra, bir guruh yurtdoshlarimiz "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi" esdalik nishoniga sazovor bo‘ldilar. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasining 12 nafar xodimi ham Birinchi Prezident merosini har tomonlama o‘rganishda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shganlari uchun ushbu mukofotga loyiq, deb topildi.

Taqdirlanganlar orasida Vasiylik Kengashi a'zosi, Birinchi Prezidentning rafiqasi Tat'yana Akbarovna Karimova ham bor. U o‘z hayotini mustaqilligimizni qo‘lga kiritish va davlatimizning xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun butun umrini bag‘ishlagan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti faoliyatini o‘rganishda ulkan hissa qo‘shib qelmoqda.

Majmua rahbari ushbu e'tirof Yodgorlik majmuasining barcha xodimlariga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti xotirasini abadiylashtirishda yanada samarali ish olib borish, yangidan yangi kuch berishga ishonch bildirdi.