ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Doʼstlikning azaliy rishtalari


11.05.2021

1994 yil 16 may. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Yaponiyaga joʼnab ketdi. Shu kuni oliy martabali mehmon Tokioning “Xaneda” aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Mamlakatimiz rahbari “Mitsui” kompaniyasining prezidenti Naoxika Kumagan, Yaponiya savdo va sanoat vaziri Eytiro Xata va mamlakat moliya vaziri Xirosixa Fudziilarni qabul qildi.

17 may. Prezident Islom Karimov Yaponiyadagi rasmiy tashrifi chogʼida Oʼzbekiston Oliy Kengashi bilan aloqani kuchaytirish boʼyicha maxsus qoʼmita tuzishga ahd qilgan yapon parlamenti tashabbuskor guruhi aʼzolari bilan uchrashdi. Shundan keyin Yaponiya va rossiyalik jurnalistlar bilan uchrashib, ularning savollariga javob qaytardi. Shu kuni Prezident Islom Karimov Yaponiya imperatori Аkixito bilan uchrashdi. Imperator saroyida oliy martabali mehmon sharafiga ziyofat berildi. Kunning ikkinchi yarmida Prezidentimiz bir qancha yapon kompaniyalari, bank va jamgʼarmalari rahbarlari bilan muloqotda boʼldi. Kechqurun esa Islom Karimov Yaponiya Bosh vaziri Sutomu Xata bilan muzokara yuritdi. Ikki mamlakat oʼrtasida davlatlararo munosabatlar asosiga doir qoʼshma bayonot imzolandi.

18 may. Prezident Islom Karimov Yaponiyadagi safari davomida “Keydenri” iqtisodiy tashkilotlar federatsiyasi qarorgohida koʼzga koʼringan ishbilarmonlar bilan muloqotda boʼldi, ularga xorijiy sarmoyalarni himoya qilish borasida Oʼzbekistonda yaratilgan shart-sharoit, zarur imtiyoz va kafolatlar toʼgʼrisida soʼzlab berdi.

19 may. Yaponiyaga safarining soʼnggi kuni Prezident Islom Karimov Osako shahrida mashhur “Panasonik” kompaniyasiga qarashli “Matsusita” korxonasi va “Tanabe” dori-darmon zavodini borib koʼrdi.