ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

HAMISHA YODIMIZDASIZ


23.11.2023

Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasida Birinchi Prezidentning safdoshlari, u kishi bilan uzoq yillar davomida yonma yon turib ishlagan hamyurtlarlarning xotirasini ardoqlab yodga olish yaxshi an’anaga aylangan. Ana shunday e’zozga loyiq insonlar qatorida Georgiy Alekseyevich Kraynov alohida o‘ringa ega. U 1933 yilda tavallud topgan. Agar hayot bulganida bu yil noyabr oyida 90 yoshni qarshilar edi.
Oxirgi yillarda Georgiy Kraynov Yodgorlik majmuasida yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston Mustaqilligining dastlabki yillarida esa, yuqori va mas’ul lavozimlarda – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qabulxonasining Bosh konsultanti sifatida faoliyat yuritgan.
Turli yillarda Georgiy Alekseyevichning hamkasbi va safdoshi bo‘lgan, bugungi kunda Yodgorlik majmuasida mehnat qilayotgan insonlar u kishining nomini mehr bilan tilga oladilar. Ko‘pchilikning hurmatini qozongan inson o‘zidan keyin yorug‘ xotiralarni qoldirgan. Uni yodga olganlarning ko‘pchiligi Georgiy Alekseyevichni o‘ta kamtarin, samimiy, bag‘rikeng, nihoyatda mehnatkash, vijdonli va mas’uliyatli inson sifatida ta’riflashdi.
Kraynov respublikada Xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi bo‘lgan, “Do‘stlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi.
Islom Abdug‘aniyevich Kraynovni benihoya hurmat qilardi. Yurtiga, xalqiga va kasbiga nisbatan sodiqligini yuksak qadrlardi.
Yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov Georgiy Kraynovning Mustaqil O‘zbekistonning shakllanishi va rivojlanishiga qo‘shgan hissasi xaqida gapirar ekan, bunday shaxslarning hayoti barchamiz uchun ibrat bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi.

F.Qurbanbayev suratlari