ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Birinchi Prezidentimiz faoliyati solnomasi – mustaqil O‘zbekistonning yangi tarixi


11.01.2018

 

1.JPGPrezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda “Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanlovini e’lon qilgan edi. 

Tanlovga mamlakatimiz va xorij ommaviy axborot vositalarida chop etilgan, internet nashrlarida e’lon qilingan ko‘plab materiallar, ilmiy-ommabop maqolalar, Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kitob va risolalar kelib tushgan. Nufuzli hay’at a’zolari tomonidan ularning eng yaxshilari saralanib, 2018-yilning I choragida tanlov g‘oliblarining nomlari e’lon qilinadi. 

Shunday kitoblardan biri “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov faoliyati xronikasi (Solnoma)”dir. 

Mazkur nashr Islom Karimovning O‘zbekiston rahbari sifatidagi yigirma yetti yillik faoliyat xronikasini o‘zida mujassam etgan. Solnomani varaqlar ekansiz, Birinchi Prezidentimiz mamlakatimizning murakkab va tahlikali davrida ham, shonli zafarlarga boy paytida ham xalq bilan birga bo‘lgani, xalqning dardu tashvishi, quvonchu shodligi, orzu-istaklarini xuddi o‘zinikidek qabul qilgani, “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan ezgu g‘oyalariga sodiq qolgani, shu yurt, shu el uchun o‘zi aytmoqchi “yonib yashash kerak”ligini amalda isbotlaganiga guvoh bo‘lasiz. 

Mana ulardan ayrimlari: 

“1989-yil 25-iyun. Islom Karimov Farg‘ona viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan tanishish maqsadida ushbu viloyatda bo‘ldi. O‘zbekiston rahbari viloyatning shahar va qishloqlariga borib, yuzaga kelgan notinch vaziyat tufayli jabr ko‘rgan odamlar bilan suhbatlashdi, ahvolni barqarorlashtirish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha mahalliy rahbarlarga aniq ko‘rsatmalar berdi” 

“1990-yil 20-iyun. O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasida Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiyada huquqiy va demokratik davlat mustaqilligining ustuvorligi, O‘zbekistonning ittifoqdosh respublikalar va boshqa davlatlar bilan munosabatlari shartnomalar asosida belgilanishi va davlat belgilari (gerb, bayroq, madhiya)ni o‘zi ta’sis etishi qayd etildi.” 

“1991-yil 31-avgust. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Respublika Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida ma’ruza qildi. Ushbu sessiyada mamlakatimiz hayotida buyuk tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Yurtboshimiz butun dunyoga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini e’lon qildi. 1-sentabr – Mustaqillik kuni umumxalq bayrami etib belgilandi”. 

Islom Karimovning faoliyati davomidagi mamlakatimiz hayotidagi bunday tarixiy, asrlarga tatigulik yangilanish va o‘zgarishlar haqida yana ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin. Asosiysi, bularning barchasi Birinchi Prezidentimizning jasorati, matonati, mardlik va olijanoblik fazilatlari, noyob iste’dodi, odilligi va donishmandligi, uzoqni ko‘ra bilishi va Vatanimizga, xalqimizga sadoqati, uning kelajagi buyuk bo‘lishiga ulkan va qat’iy ishonchi tufayli ro‘y berdi. 

80-yillar oxiri 90-yillar boshidagi og‘ir va mashaqqatli davrlarda, o‘zining puch g‘oyalari bilan barchaning “og‘ziga loy shuvab” kelgan “buyuk imperiya”ning poydevori nurab, butun boshli xalqlar, millatlar oyoqqa qalqib, qator mamlakatlarda vaziyat izdan chiqib, tang ahvol yuzaga kelganda ham Birinchi Prezidentimiz yuksak minbarlardan turib, xalqni xotirjamlikka, bunday paytda aql bilan ish tutishga, har qanday vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga chorladi, da’vat etdi. Ajdodlarimizning asriy orzusi mustaqillik, erkinlik va ozodlikni hadya etdi, xalqni o‘zining yuksak umuminsoniy g‘oyalari atrofida birlashtira oldi. 

Buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, xalqimizning aziz farzandi Islom Karimov butun faoliyatini, hayotini Vatanimizning ozodligi, tinchlik-osoyishtaligi, xalqimizning baxtli va farovon hayot kechirishi uchun baxshida qildi. Tarixan qisqa davrda O‘zbekiston ilgarigi o‘zini boqishga, o‘zini himoya qilishga qurbi yetmagan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olib, aholining hayot darajasi g‘oyat achinarli ahvolga tushib qolgan qoloq respublikadan tez va barqaror sur’atlar bilan taraqqiy etib borayotgan, jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallagan, qudratli davlatga aylanishi, mustaqillik yillarida xalqimiz ulkan yutuq va marralarga erishishi – bularning barchasi Birinchi Prezidentimiz nomi va faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Hatto umrlarining oxirgi kunlarida ham, sog‘lig‘i yomonlashgan paytda ham xalqiga, el-yurtiga sadoqatini, fidoyiligini, mehr-muhabbatini namoyon etdi: 

“2016-yil 31-avgust. Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo‘lladi. 

Davlatimiz rahbarining bayram tabrigi 1 sentabr kuni matbuotda chop etildi”... 

Birinchi Prezidentimizning o‘zi boshlab bergan ulug‘ yo‘lning qutlug‘ yigirma beshinchi dovonidagi ushbu tabrigida shunday so‘zlar bor edi: 

“Qadrli va muhtaram vatandoshlarim! 

Sizlarni, butun xalqimizni Mustaqillik kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga, el-yurtimizga fayzu baraka tilayman. 

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi qo‘llasin, o‘zi madadkor bo‘lsin! 

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin! 

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!” 

Xalqimiz omon ekan, Birinchi Prezidentimizning bu tilaklari, albatta, ijobat bo‘ladi: mustaqilligimiz abadiy bo‘ladi. Xalqimiz Birinchi Prezidentimiz orzu qilgan buyuk kelajak sari dadil odimlashda, ozod va obod Vatanni ko‘z qorachig‘ida asrab, ertangi avlodlarga bezavol yetkazishda, bu yo‘lda bir-biriga yelkadosh, maslakdosh bo‘lib harakat qilishda davom etaveradi. 

 
Bayram Aytmurodov