ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Bag‘rikenglik – barqaror taraqqiyot kafolati


15.11.2018

15-noyabr kuni Yodgorlik majmuasida «Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik: Mustaqil O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

  

YuNESKO tomonidan bag‘rikenglikka oid yetmishdan ziyod xalqaro hujjatlar, konvensiyalar qabul qilingan. 1995 yil 16 noyabrda YuNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida Bag‘rikenglik tamoyillari to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan. Shundan buyon mazkur sana insoniyatni bag‘rikenglikka, tinchlik va osoyishtalikni saqlashga undash maqsadida Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

Bugungi murakkab davrda tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun dinlar, konfessiyalar, millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, bir-birini tushunish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda xuddi shunday muhit qaror topgan. Yurtimizda o‘n olti diniy konfessiyaga mansub 2 ming 238 diniy tashkilot, 130 dan ortiq millat vakillaridan iborat qariyb 140 milliy-madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Respublikamizdagi umumta’lim maktablarida ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Ular davlat ta’lim standartlari asosida chop etilgan 7 tildagi darsliklar bilan to‘liq ta’minlangan. Teleradio ko‘rsatuvlari 12 tilda tayyorlanayotgan bo‘lsa, gazeta va jurnallar 14 tilda chop etilmoqda.

 

Turli dinga e’tiqod qiluvchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgani, ularning o‘z an’analari va udumlari, marosimlarini bemalol ado etib kelayotgani e’tiborga molik. O‘zbekistondagi o‘zaro bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhiti tinchlik va farovonlikni mustahkamlashga, demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishga, mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur sana munosabati bilan Yodgorlik majmuasida tashkil etilgan tadbirda, bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida ro‘y berayotgan mojarolarga teran ko‘z bilan qarash, doimo ogoh va hushyor bo‘lish, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylash zarurligi xususida so‘z yuritildi. 

 

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistondagi millatlar va diniy konfessiyalararo ahillik, do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti, inson omiliga ustuvor e’tibor qaratish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Vatanimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladilar. 

Ma’ruzalarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning mustaqillikni mustahkamlash, yurtimizda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni qaror toptirish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikka asoslangan erkin, demokratik jamiyatni barpo etish yo‘lidagi xizmatlari e’tirof etildi.

 

Islom Abdug‘aniyevich o‘z vaqtida mazkur masalaning dolzarbligiga alohida urg‘u berib bildirgan fikrlari ko‘p narsani anglatadi: «Bizda juda ko‘p boyliklarimiz bor, lekin eng katta boylik bu millatlararo totuvlik».

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi. Strategiyada beshinchi yo‘nalish sifatida “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar” belgilandi. Bu esa yurtimizda fuqarolarimiz xavfsizligi, millatlar va diniy bag‘rikenglikka berilayotgan e’tiborning isbotidir.

 

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari Temir Shirinov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, bir qator milliy-madaniy markazlarning raislari, turli diniy konfessiyalar vakillari, olimlar, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professorlari, oliy o‘quv yurti talabalari ishtirok etdilar. 

 

Farxod Kurbanbayev olgan suratlar