ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Ayolni ulug‘lash o‘z kelajagini ulug‘lash demakdir


02.03.2018

2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bahor faslining dastlabki oyida ochiq mashg‘ulot shaklida o‘tkazilgan tadbirning mavzusi o‘z o‘rni va ahamiyati jihatidan dolzarb sanaladi, ya’ni «Ayolni ulug‘lash – mustaqil O‘zbekiston siyosatining ajralmas qismi».

Mamlakatmizda ayollar xamisha e’zozda, davlat e’tiborida bo‘lib kelgan.  Hozirgi kunda bu yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lami kengayib amaliy harakatlar faol tus olgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlarning aksariyatida ona-bola salomatligi, oila farovonligi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni bilan bog‘liq masalalar alohida o‘rin egallaydi.

Zero uchrashuvda ta’kidlanganidek, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur kabi buyuk allomalarimizning beshigini o‘zbek ayollari tebratgan. Ayolni, onani ulug‘lagan yurt o‘z farzandini ulug‘laydi, farzandini e’zozlash esa o‘z kelajagini e’zozlash demakdir.

Mana shunday e’tiroflarga boy bo‘lgan uchrashuvda Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev, Islom Karimov jamoat fondi vakili Botir Ubaydullayev, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Toshkent davlat yuridik instituti professori Feruza Muxitdinova, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindorlari, kollej va litsey talabalari, deputatlar ishtirok etdi.

T. Qo‘ziyev o‘z so‘zida Islom Karimov sharofati bilan me’morchilikda ona obrazi yuksak qadr topganini alohida ta’kidlab, bu mavzuga aniq misollar yordamida kengroq to‘xtaldi.

Xususan, Mustaqillik maydonidagi Baxtiyor ona va Motamsaro ona haykallarining yaratilishida Islom Karimovning bevosita ishtiroki bilan bog‘lik xotiralar tilga olindi. Xalk shoiri Mahmud Toir millat bo‘lib davlat bo‘lib yashar ekanmiz, Islom Karimovga bo‘lgan mehrimiz doimo yashaydi. Tilimizni, dinimizni, tariximizni bizlarga qaytargan inson xotirasiga nisbatan o‘zgacha munosabat bo‘lishi mumkin emas. Xotiraga hurmat borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev barchamizga o‘rnakdir, deb alohida ta’kidladi. Bahor, ayol va muhabbat, onalarga mehr mavzuidagi she’rlar uchrashuvga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Botir Ubaydullayev Islom Karimov jamoat fondining faoliyati, bugunga qadar amalga oshirilgan ishlarga batafsil to‘xtalib, bunday uchrashuv va suhbatlar mamlakatimizning Birinchi Prezidentini yaqinroq bilish, uning o‘gitlariga munosib bo‘lishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

– Qanchadan-qancha ziyoratgohlar bor yurtimizda. Shular qatoridan Oqsaroy barchamiz uchun qadrli va mo‘tabar qadamjo sifatida munosib o‘rin egallaydi, - dedi professor Feruza Muxitdinova. – Islom Karimov ayollarda O‘zbekiston kelajagini ko‘rgan, bugun yurtimizdagi o‘zgarish va yangilanishlarning faol ishtirokchisi bo‘lib, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, yaratilgan sharoitlarning qadriga yetaylik va ajdodlarimizga munosib bo‘laylik.

O‘zXDP Markaziy Kengashi a’zosi, Mukarram Inomova va boshqa so‘zga chiqqanlar ham bahor ayyomi arafasida mana shunday samimiy uchrashuvlar insonni ma’nan boyitishga xizmat qilishini aytib o‘tishdi. Zero shoir Mahmud Toir ta’kidlaganidek, har bir suhbatdan inson yaxshi ma’noda ulug‘ bo‘lib chiqishi kerak.

Mehmonlar Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, «Butun olamni jo etgan yurak» ko‘rgazmasini tomosha qildilar.