ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

АJDODU АVLODNI АLLАLАGАN TIL


20.10.2020

21 oktyabrь kuni «Oʼzbekiston Respublikasining Davlat tili toʼgʼrisida»gi qonun qabul qilinganiga 31 yil toʼladi.
Til benihoya muqaddas va moʼʼtabar neʼmat, u odam degan mavjudotni shakllantirgan, qavmlar oʼlaroq birlashtirgan, taraqqiyot bosqichlariga olib chiqqan, ruhiy takomilga boshlagan, tafakkur gulshanining darvozalarini ochgan bemisl bir robitadir. Shuning uchun ham tilga nopisandlik insoniyatning oʼzligiga nopisadlik demakdir. Tilga ehtirom va eʼtibor esa bu dunyoda inson bolasi muhtaramligining eʼtirofidir.
Bejiz emaski, xalqimiz tilga, xususan, oʼzining ona tiliga muntazam muhabbat bilan qaragan, uni eʼzozlab ardoqlagan, oʼzbek tilining mukamalligi va betakror ohanglaridan faxru iftixor qilgan. Oʼzbek tilidagi tarang mantiq va goʼzallikni har soniya inkishof etishga ishtiyoq sezgan.
Gʼurursiz millat oʼz qiyofasini yoʼqotadi, aksincha, milliy iftixor yuksak yurtda xalq tinch va hamjihat yashaydi. Xali totalitar tuzum hukmron boʼlib turgan murakkab bir sharoitda – 1989 yilning 21 oktyabrida oʼzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy gʼururini tikladi, jahondagi mavqeini mustahkamladi.
Mustaqillik yillarida oʼzbek tilini rivojlantirish boʼyicha amalga oshirilgan ulkan ezgu ishlarni izchil davom ettirib, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2019 yil 21 oktyabrь kuni “Oʼzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” gi farmonni imzoladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Farmonga koʼra oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun -21 oktyabrь sanasini “Oʼzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilish belgilangan.
Bundan tashqari farmonda oʼzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʼ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʼsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʼ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʼlaqonli joriy etishni taʼminlash masalalari belgilangan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bagʼishlangan tantanali yigʼilishda soʼzlagan nutqi davomida Islom Karimovning davlat tilini shakllantirishdagi oʼrni haqida,
“Ushbu qutlugʼ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989 yil 21 oktyabrь sanasini – “Davlat tili haqida” gi Qonun qabul qilingan kunni eslashimiz oʼrinlidir.
Yurtimizda mustabid tuzum hali oʼz hukmini oʼtkazib turgan gʼoyat ogʼir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi.” deb yodga oldi.
Davlatimiz rahbari nutqida ushbu tarixiy jarayonlarning guvohi va bevosita ishtirokchisi boʼlganini esladi:
“Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qoʼyilgan edi. Uning atrofida qanday qizgʼin bahs va tortishuvlar boʼlib oʼtganini, oʼylaymanki, koʼpchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham oʼshanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi boʼlganman.
Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qatʼiy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Аbdugʼanievich Karimovning siyosiy irodasi katta oʼrin tutdi.
Аyni vaqtda u Oʼzbekistonning davlat mustaqilligi sari qoʼyilgan birinchi dadil qadam edi”.

 

 

(F.Kurbanbaev suratlari)