ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

30 iyun – Yoshlar kuni


30.06.2023

         Dunyoga umid bilan qadam qo‘yib kelayotgan navnihol

                   inson hayotdan munosib o‘rnini topsa, turmushidan,

                                 taqdiridan, Vatanidan rozi bo‘lib yashaydi, umr       

                       bo‘yi bunyodkorlik faoliyati bilan mashg‘ul bo‘ladi.

                                                                                          Islom Karimov

 

Yoshlar har bir davlatning kelajagini, salohiyatini belgilovchi muhim ijtimoiy qatlam sanaladi. Zero, har bir jamiyatning holati, taqdiri va istiqboli unda yashayotgan yoshlarning salmog‘i, ma’naviyati va ongliligi darajasi bilan belgilanadi. Yoshlar jamiyatning ertangi kelajagi, uning faol a’zosi, ta’bir joiz bo‘lsa jamiyat ertasining munosib vorislaridir. Mazkur nuqtai nazarga ko‘ra ham yoshlar davlat va jamiyat tomonidan doimiy e’tiborda.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov mustaqil respublika rahbari sifatida imzolagan ilk qonunlaridan biri aynan yoshlar masalalariga tegishli bo‘ldi. 1991 yil 20 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori jamiyat manfaatlari yo‘lida imkoni boricha to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashni maqsad qilgan edi. Shuningdek, Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq Birinchi Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatda yoshlar huquqlari himoyasini kafolatlaydigan huquqiy va institutsional baza yaratildi. 1992 yil 2 iyundagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi, 1997 yil 29 avgustdagi “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi,  2008 yil 7 yanvardagi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, 2015 yil 4 sentyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi va boshqa ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilindi. Ularda yoshlarning zamonaviy o‘zgaruvchan jamiyat sharoitida hayotga moslashishi, jamiyat oldidagi mas’uliyatini anglagan fuqarolarni tarbiyalash uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, psixologik va pedagogik shart-sharoitlar yaratish ifoda etildi.

Birinchi Prezident farmoni bilan 1999 yil 10 iyunda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi mamlakatimiz xotin-qizlariga berilgan katta imkoniyat va mas’uliyat bo‘ldi. Shuningdek, ushbu mukofot opa-singillarimizga ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochdi. Jumladan, mustaqil ijod qilish, adabiyot, madaniyat, san’at va ilm-fan sohasida o‘z iqtidorini namoyish etish imkoniyatini berdi.

Birinchi Prezidentning tashabbusi bilan 2008 yil Yoshlar yili deb e’lon qilindi va Yoshlar yili davlat dasturi ishlab chikildi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining 60% dan ortig‘ini (qariyb – 18 million) yoshlar tashkil etadi. Shu sababdan ham, yoshlar siyosati davlat taraqqiyotining uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan barcha strategiya va dasturlarida alohida o‘ringa ega.

Bugun mamlakatimiz yoshlari tomonidan erishilayotgan ulkan yutuqlar zamirida istiqlolning ilk yillaridan boshlab yoshlar tarbiyasi, ta’limi, umuman, kadrlar tayyorlash tizimiga alohida e’tibor qaratilgani mujassam. Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor, ularga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik miqyosi yildan-yilga kengayib bormoqda. Ayniqsa, 2016 yil 14 sentyabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda amalga oshirishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

2017 yilning 30 iyun kuni Prezidentimiz tashabbuslari bilan 2017 yilning 30 iyunida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi. Ushbu sananing O‘zbekiston Respublikasida “Yoshlar kuni” bayrami sifatida Mustaqilligimiz solnomasidan munosib o‘rin egallagani nafaqat yoshlarimiz, balki butun xalqimiz hayotida tarixiy voqea bo‘ldi.

Shuningdek, joriy yilning 11 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishini ta’kidladi. «Barcha rahbarlar bir narsani bilib olsin: ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlar bilan ishlash - biz uchun hayot-mamot masalasi! Biz yoshlarga bugundanoq sharoit qilib bermasak, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surmasak, Yangi O‘zbekistonni qanday barpo qilamiz?» - dedi davlatimiz rahbari

        F.Kurbanbaev suratlari