O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Milliy timsollar va ramzlarning har biri – milliy g‘ururimizni yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har biri — katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir”, deya ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, milliy bayrog‘imiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda rolini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, har birimiz uchun buyuk iftixor timsoli hisoblanadi. Shuning uchun Vatan ramzlari hamma zamonlarda ham ulug‘ va muqaddas sanalganki, uning uchun odamlar jonlarini fido qilganlar. Zero, milliy ramzlarga or-nomus, shon-sharaf sifatida qaralgan, shu boisdan, davlat ramzlari insonlarni yakdillikka chorlagan, mushtarak maqsad yo‘lida birlashtirgan. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari — tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa Amir Temurning davlatchilik siyosatida saltanat ramzlari nechog‘liq yuksak maqomda bo‘lganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston istiqlolga erishgach, eng avvalo, davlatimiz ramzlari tasdiqlandi. 1991 yil 18 noyabr xalqimiz yodida o‘chmas va qutlug‘ sanalardan biri bo‘lib qoldi. Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur Qonunning 2-3-moddalarida bayrog‘imiz O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi ekanligi, xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
Bayroqdagi yangi oy — mustaqilligimizni, o‘n ikki yulduz beg‘uborlik, donishmandlik ifodasi sifatida muqaddas Vatanimizda yashayotgan insonlar hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yo‘lni tanlashini bildiradi. Oq rang timsoli tinchlik, poklikka daxldordir, u kun charog‘onligi va osmon yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Moviy rang tiriklik timsoli, yaxshilik, halollik, shon-shuhrat, sadoqatni bildiradi. Zero, ulug‘ Sohibqiron Amir Temurning bayrog‘i ham mazkur rangda bo‘lgan. Yashillik yasharish, yangilanish ramzi bo‘lib, u ona tabiatimiz, mustaqil davlatimiz va yurtimiz timsolidir. Qizil chiziqlar - tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni — hayotiy qudrat, barqarorlik va bardavomlik nishonasidir.
Bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini mujassam etgan. Milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, yurtimiz a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga cheksiz iftixor baxsh etadi.