ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Latviya universitetining Akademik kutubxonasida O‘zbek axborot markazi faoliyat yuritmoqda


10.08.2018

Markazning norasmiy tarzda o‘tkazilgan taqdimot marosimi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasiga bag‘ishlandi. Tadbirda Latviyaning siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdilar.

 

«Itera Latviya» kompaniyasi Prezidenti Yuris Savitskisning e’tirof etishicha, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov buyuk inson bo‘lgan: «U nafaqat o‘z mamlakatini yuqori iqtisodiy taraqqiyot darajasiga ko‘tara oldi, balki butun mintaqada O‘zbekistonning tinchlik va barqarorlik kafolatiga aylanishiga erishdi. Bizlar Latviyada, Mustaqil davlatingizda ro‘y berayotgan iqtisodiy o‘zgarish va yangilanishlarni hayrat bilan kuzatib boramiz. Islom Karimov siyosatining bardavomligi bizni quvontiradi. Latviyada ko‘pchilik O‘zbekiston va uning xalqini hurmat qiladi va yaxshi ko‘radi»-deya ta’kidladi janob Savitskis.

Fanlar Akademiyasi Prezidenti Oyars Sparitis, o‘zbek xalqi o‘zining Birinchi Prezidentini bu qadar samimiy yaxshi ko‘rgani va hurmat qilgani uchun xursandman, dedi.

«Islom Abdug‘aniyevich bunday sadoqat va hurmatga loyiq edi. U hamisha o‘z xalqining farovonligi haqida qayg‘urgan va mana shu maqsadga erishishda har qanday to‘siqni yengib o‘tishga tayyor turgan. Kuchli iqtisodchi sifatida, mamlakat iqtisodiyotini yuksak darajaga ko‘tarishda o‘z bilimidan samarali foydalangan. Shu bois, istardimki, barcha davlatlarning yetakchilari O‘zbekistonning Birinchi Prezidentidek iqtisodiy madaniyatga ega bo‘lsinlar».

Latviya Prezidenti G. Ulmanis (1993-1999 yillar), Latviyaga 1995 yil iyun oyida Davlat tashrifi bilan kelgan Islom Karimov bilan uchrashuvimizni doimo iliqlik bilan eslayman, dedi. O‘zaro ishonchga asoslangan muloqot davomida, mustaqil respublikalar qanday va qaysi yo‘nalishda rivojlanishi kerakligi xususida fikr almashinuvlar ko‘p bo‘lgan.

«Shunda Islom Karimov, har bir mamlakat o‘z taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lishi kerak degan edi. Bir vaqtlar agrar respublika bo‘lgan O‘zbekistonni rivojlangan iqtisodiyotga ega, industriyasi taraqqiy etgan, zamonaviy davlatga aylantirish uchun u o‘zining bor kuchi va imkoniyatini ishga solishini alohida ta’kidladi.

Bugun biz Islom Karimovning intilishlari, orzu-umidalari hayotga tatbiq etilib, o‘z natijasini berayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Aholi turmushi farovonligi o‘smoqda, tibbiyot, ta’lim va sport sohalarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalmoqda».

Latviyaning Prezidenti Andris Berzinsh (2011-2015 yillar) ta’kidlaganidek, 25 yil davomida davlat rahbari sifatida Islom Karimov O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning izchil rivojlanishiga mislsiz hissa qo‘shgan:

«O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti janob Karimov bilan munosabatlarimiz chin insoniy va o‘ta samarali bo‘lgan. 2013 va 2014 yillarda o‘zaro davlat tashriflari bo‘lib o‘tgan. Ushbu muddat ichida aloqalarimiz mustahkamlanib, do‘stona munosabatlarimiz yanada samimiy tus olgan.

Men janob Karimovning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi dolzarb loyihalar bo‘yicha qarashlarini, shuningdek, mintaqalardagi bizlarning manfaatlarimizga tegishli bo‘lgan jarayonlarga bergan bahosini hamisha yuqori baholardim.

Doimo Islom Abdug‘aniyevichni Latviyaning haqiqiy do‘sti deb bilganman, chunki u O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga shaxsan ulkan hissa qo‘shgan.

Buning uchun men hamisha undan minnatdorman!

Hozirgacha yodimda, o‘z mamlakatiga oid bilimlaridan tashqari, bu inson bizning tariximizni ham juda yaxshi bilgan. 2013 y. janob Karimovning Latviyaga tashrifi davomida biz birgalikda «Melanxolik vals»ni tinglaganmiz, va musiqaning ta’siridan, uning tub mohiyatini chuqur anglaganimizdan ko‘zlarimiz yoshga to‘lgan. Bu esa, biz ko‘plab masalalarda yaqin bo‘lganimizni anglatadi».

«Taqdir meni Islom Karimov bilan ikki marta yuzlashtirdi. Birinchi bor saksoninchi yillarda, biz Politbyuroda ishlayotgan vaqtda. Islom Karimov hamisha o‘z xalqi manfaatlari nuktai-nazarini himoya qilib so‘zga chiqardi. Har qanday sharoitda haqiqatni himoya qilar, hech qachon Kremlning provakatsion harakatlari domiga tushmagan.

Mamlakatlarimiz Mustaqillikka erishgach men Yevroparlament deputati hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha deputatlar guruhi rahbarining o‘rinbosari etib saylanganman. Bu muddat ichida bir necha marta O‘zbekistonga tashrif buyurganman. Hurmatli Islom Karimov rahbarligida mamlakatning qanday rivojlanayotganini kuzatganman.

Yevroparlament deputatlari va shaxsan men O‘zbekistonning Birinchi Prezidentini mintaqadagi barqarorlik kafolati deb hisoblardik.
U nafakat kuchli Prezident, balki juda dono inson ham edi. Bizlarda, Boltiqbo‘yida bunday insonlar haqida-sharqona dono deydilar. Men vafot etgan O‘zbekistonning Birinchi Prezidentiga bosh egib ta’zim qilaman».

Latviya universitetining Akademik kutubxonasi direktori Venta Kotsere yig‘ilganlar e’tiborini quyidagi masalaga qaratdi: Islom Karimov o‘zbek xalqining ma’naviy qadriyatlariga, musulmon dinini saqlash va taraqqiy toptirishga, an’ana va udumlarga, O‘zbekistonning benazir tarixiy merosiga hurmat bilan qarashni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi.

«Islom Karimov shuningdek, mamlakatning buguni va ertangi kunida hal qiluvchi kuch bo‘lmish O‘zbekiston yoshlarining dunyoqarashini tubdan o‘zgartirgan, prinsipial jihatdan mutlaqo yangi ta’lim hamda yosh avlodni tarbiyalash tizimini yaratib, hayotga tatbiq etishga ulkan hissa qo‘shgan shaxs.

Buyuk davlat arbobi Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligiga asos solish, tinchlik, barqarorlik va bag‘rikenglik hukm surayotgan, izchil rivojlanayotgan huquqiy, demokratik davlat barpo etish borasidagi ulkan rolini inobatga olib, Latviya universitetining Akademik kutubxonasi qoshidagi O‘zbek axborot markazini Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomi bilan atashni taklif qilaman.

«Otkrыtыy gorod» jurnali Bosh muharriri Tatyana Fastning e’tirof etishicha, Islom Karimov O‘zbekiston xalqiga ulkan meros qoldirdi:

«Mustaqil, har qanday siyosiy bloklardan xoli, o‘z taraqqiyot yo‘liga ega mamlakat bosqichma-bosqich demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlarining roli ortib, xususan, mahallaning obro‘yi mustahkamlanmoqda. O‘zbekiston iqtisodiyoti avvalo, aholi turmush darajasini ko‘tarishga qaratilgan, bu yerda jahon standartlariga javob beradigan o‘z ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimi mavjud. Eng muhimi, mamlakatda tinchlik va xotirjamlik, millatlararo va dinlararo totuvlik, jamiyatda o‘zaro hurmat va mehr hukmron».