Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligi keng nishonlanmoqda.
Buyuk davlat va jamoat arbobi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida 30 yanvar kuni Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan maqbara majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimiz jamoatchiligi vakillari, yurtimizning barcha hududlaridan kelgan faollar, nuroniylar, yoshlar ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligimiz asoschisi, buyuk siyosatchi va oqil islohotchi Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ishlari Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirganini ta’kidladi.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining 25 yil ichida ichki va tashqi siyosatda o‘z yo‘lini tanlab, xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin va mavqega ega bo‘lishi, dunyo davlatlari bilan tinchlik-barqarorlik, tenglik va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishida Birinchi Prezidentimizning puxta o‘ylangan qarorlari muhim ahamiyat kasb etdi.
Islom Karimovning mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, davlatimiz taraqqiyoti yo‘lida o‘z huzur-halovatidan kechib, yuksak fidoyilik ko‘rsatib, mehnat qilgani xalqimiz uchun ibrat namunasi bo‘lib qoldi.
Buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov 2016 yil 3 sentabr kuni o‘z vasiyatiga ko‘ra, Samarqand shahridagi Hazrati Xizr masjidi majmuasida dafn etilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yerda Birinchi Prezidentimizning davlatimiz va xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlariga munosib ulug‘vor maqbara majmuasi qurishga qaror qilindi.
“Bu tabarruk maskan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining aziz va ardoqli farzandi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning mangu oromgohidir”.
Ushbu so‘zlar majmuaga kiraverishda o‘rnatilgan marmar lavhada o‘zbek va ingliz tillarida yozib qo‘yilgan.
Yodgorlik majmuasini barpo etish ishlari YuNESKO tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirildi va butun jahon madaniy merosining obyektlaridan biri hisoblangan Hazrati Xizr masjidiga uyg‘un maqbara loyihasi tasdiqlandi.
Majmua qurilishiga yurtimizning turli hududlaridan mahoratli quruvchilar, usta va hunarmandlar jalb etildi. Maqbara uchun xorijdan qimmatbaho toshlar, ayvon ustunlari va zina panjaralari, yozuvli oq oniks va oniks toshlari keltirildi.
Maqbara ichida oq qabr toshi o‘rnatildi. Devorlar qimmatbaho toshlar bilan bezatilib, ularga oltin suvi bilan ishlov berildi. Maqbaraning pastki qismi yashil oniks toshlar bilan qoplangan. Gumbazi Hazrati Xizr majmuasi bilan hamohang tarzda barpo etildi.
Majmua hududida milliy uslubdagi ayvon bunyod etildi. Bu yerda ziyoratga keluvchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratilgan, o‘rindiqlar qo‘yilgan. Ayvon peshtoqlarida Qur’oni karim oyatlari hamda Islom Karimovning hikmatli so‘zlari o‘zbek, arab va ingliz tillarida yozilgan.
Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida lift, imkoniyati cheklanganlar uchun ko‘targich moslamalar o‘rnatildi. Zamonaviy tungi yoritish tizimi yaratildi. Islom Karimov ko‘chasini majmua bilan bog‘lovchi ko‘prik barpo etildi.
Qurilish jarayonida Hazrati Xizr masjidi ham restavratsiya qilindi, minora keramika toshlari bilan bezatildi. Majmuaga olib boruvchi yo‘laklarga granit tosh terildi. Belgiyadan keltirilgan kashtan (qoraqayin), talpa, shuningdek, Qrim qarag‘ayi, mojjevelnik (qora archa), butasimon daraxtlar ekildi, yashil maysazorlar tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari keyingi bir yildan ko‘proq vaqt davomida Samarqandga har bir tashrifi chog‘ida majmua qurilishi jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Ushbu maskanni yurtimizning eng qutlug‘ qadamjolaridan biri sifatida obod qilish, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish borasida maslahat va tavsiyalar berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.
Mehnat faxriysi To‘lqin Ahmadjonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova, Samarqand shahridagi G‘afur G‘ulom nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Olimjon G‘afurov, Birinchi Prezidentimiz rafiqasi Tatyana Karimova ushbu majmua davlatimiz va xalqimizning O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromi sifatida qutlug‘ ziyoratgoh bo‘lishini ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilari maqbarani ziyorat qilib, gullar qo‘ydilar.
Marosimdan so‘ng davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi. Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida tashkil etilgan ehson oshida ishtirok etdi.
Shu kuni Islom Karimov maqbara majmuasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan faollar, keng jamoatchilik, turli idora va tashkilotlar vakillari, Samarqand viloyati aholisi tomonidan gullar qo‘yildi. Birinchi Prezidentimizning porloq xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.
Matnazar Elmurodov, G‘olib Hasanov, O‘zA