Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurgan Olimpiya shon-shuhrati muzeyi xodimlari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti haykali poyiga gulchambar qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Olimpiya shon-shuhrati muzeyi mamlakatimiz mustaqilligining 5 yilligi arafasida 1996 yili ochilgan. O‘sha yili Islom Karimov, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga hamda xalqaro olimpiya harakatiga ulkan hissa qo‘shgani uchun Xalqaro olimpiya qo‘mitasining oliy mukofoti – Olimpiya oltin ordeni bilan taqdirlangan.
Islom Abdug‘aniyevichga mazkur nufuzli mukofotni topshirgan, Xalqaro olimpiya qo‘mitasining o‘sha vaqtdagi Prezidenti Xuan Antonio Samaranch, Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonning sport sohasidagi islohotlari va bu boradagi boy tajribasi dunyo miqyosida e’tirof etib kelinmoqda.
Har yili muzey ekspozitsiyasi sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan yuksak mukofotlar, xalqaro sovrinlar bilan boyitib borilmoqda.
Majmuaga tashrif buyurgan muzey xodimlari Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova hamrohligida «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
Taassurotlar esa, faxriy mehmonlar kitobiga bitilgan dastxatda ifoda etildi.