НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

«Jonim senga fido O‘zbekiston»


26.01.2019

Poytaxtimizdagi Xalqaro madaniyat karvon saroyi binosida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavallud topgan kunga bag‘ishlangan «Jonim senga fido O‘zbekiston» xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

 

Respublika madaniyat vazirligi, Badiiy Akademiya, O‘zbekiston madaniyat va san’at ko‘rgazmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi xodimlari, Islom Karimov Fondi vakillari, mutasaddi idoralar rahbarlari, taniqli yozuvchi va shoirlar, san’at ustalari, talaba yoshlar ishtirok etdi.

 

Kecha avvalida Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist, chorak asr davomida Islom Karimovning shaxsiy fotosuratchisi bo‘lib ishlagan, Birinchi Prezident ishtirokidagi siyosiy mashvaratlar, tantanali marosimlar, oila davrasidagi tadbirlarni suratga olgan Farxod Kurbonboyev fotoko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi. So‘zga chiqqanlar Islom Karimovning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq yorqin xotiralarini kecha qatnashchilari bilan baham ko‘rdilar. Birinchi Prezidentimiz bilan uchrashib, suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘lgan, u kishining qo‘lidan davlat mukofotlarini qabul qilib olgan insonlarning xotiralari yig‘ilganlar, ayniqsa yoshlarni to‘lqinlantirib yubordi. Shoirlarning, san’atkorlarning chiqishlari kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti talabalari tomonidan sahnalashtirilgan «Ozodlik» nomli spektakl namoyish etilib, xonandalar ijrosida Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar yangradi.

 

Tatyana Karimova yig‘ilganlarga «Islom Karimov-Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» xotira kitobi, «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi katalogi, Yodgorlik majmuasi faoliyatiga oid jurnallarni xotira kechasidan esdalik sifatida taqdim etdi. Tatyana Akbarovnaning dastxatini olish istagini bildirgan ko‘pchilikning iltimosi yerda qolmadi.

 

Birinchi Prezidentimizning rafiqasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, tadbir tashkilotchilari va mehmonlarga Islom Karimovning xotirasiga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.