26-noyabr kuni Respublika Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi xodimlari Yodgorlik majmuasida Birinchi Prezidentimizning haykali poyiga gullar qo‘yib Islom Karimovning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Mazkur tashrif Bosh boshqarma Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining tashabbusi bilan tashkil etilgani tufayli mehmonlarning ko‘pchiligi yoshlardan iborat edi.
Ular «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini tomosha qildilar. Islom Karimovni faqat teleko‘rsatuvlar orqali ko‘rgan va bilgan yoshlarda Birinchi Prezidentning bolalik, o‘smirlik va yoshlik davri to‘g‘risidagi ma’lumotlar, oila a’zolari, qarindoshlari, do‘stlari davrasida olingan suratlar katta qiziqish uyg‘otdi. Shu tufayli, ko‘rgazma xodimlariga savollar ham ko‘p bo‘ldi.
Taassurotlar mehmonlarning xotira kitobiga yozib qoldirilgan dastxatda o‘z ifodasini topdi.
“Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston fuqarolarining qalbida abadiy qoladi”-degan so‘zlar bilan mehmonlar Birinchi Prezidentga va uning xotirasiga nisbatan hurmatlari cheksiz ekanligini tasdiqladilar.
Farxod Kurbanbayev olgan suratlar