НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Muzeyshunoslik rivojining yangi bosqichi


18.05.2018

Har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, an’analar hamda qadimiy yodgorliklarni o‘rganishga va saqlashga intilishi tabiiy hol. Bu borada esa muzeylarning o‘rni beqiyos. Chunki ular o‘tmishdan kelgan madaniyat, ma’rifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig‘indisi bo‘lib, amaldagi tartiblarga muvofiq saqlanadi va namoyish qilinadi.

1977 yildan buyon dunyoda an’anaviy tarzda 18-may Xalqaro muzeylar kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda. Joriy 2018 yilgi Xalqaro muzeylar kuni «Muzeylarda zamonaviy texnologiyalar: muzey va ko‘rgazmalar uchun innovatsion yechimlar» shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tarixiy merosimizni o‘zida saqlovchi muassasa hisoblangan muzeylar rivojiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur sohaning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi.

Mustaqillikning ilk kunlaridanoq, Islom Karimov yurtimiz tarixini, ko‘p yillik merosini o‘zida mujassam etgan muzeylarni tashkil etish bo‘yicha bir qator amaliy ishlarni amalga oshirdilar. Jumladan, 1994 yilda “O‘zbekiston tarixi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi tashkil etildi. Natijada yurtimiz tarixini o‘zida to‘liq aks ettiruvchi 3 mingdan ortiq asori atiqalar va noyob eksponatlarga ega muzey tashkil topdi.

Yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan tarixiy shaxslarimiz nomini tiklash va ularning boy moddiy-madaniy merosni yosh avlodga yetkazib berish borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1996 yil 18 oktabrda buyuk sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan yurtimizda yangi bir muzey - Temuriylar tarixi davlat muzeyi o‘z faoliyatini boshladi. Islom Karimov mazkur muzeyning ochilish marosimida ushbu muzeyga nisbatan shunday ta’rif bergan edilar: "Temuriylar tarixi davlat muzeyi sohibqiron shaxsiyatiga nisbatan yurtimizda tarixiy adolat tantana qilganining yana bir amaliy isbotidir. Aytish mumkinki, Amir Temur hiyoboni go‘zal bir uzuk bo‘lsa, bu muzey shu uzukning yoqut ko‘zidir. Muzeyni ziyorat qilgan har bir inson mening so‘zlarim shoirona tashbeh yoki mubolag‘a emasligiga ishonch hosil qiladi. Bu muzeyda bizning o‘tmishimiz ham, bugungi kunimiz va buyuk istiqbolimiz ham bamisoli ko‘zguda aks etgandek namoyon bo‘ladi”.

1997 yilda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan o‘zining salohiyati hamda badiiy ijod sohasida mutaxassis kadrlarni yetkazib beruvchi Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tashkil etilib, Institut qoshida esa ilk bor muzeyshunos mutaxassis kadrlarni tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan yo‘nalish ochildi. Bu albatta, O‘zbekiston tarixida muzeyshunoslikning fan sifatida rivojlanishi uchun qo‘yilgan tamal toshi bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 1998 yil 12 yanvardagi “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risidagi" Farmoniga muvofiq Respublikamizdagi Madaniyat ishlari vazirligi, boshqa vazirlik va idoralarga tegishli barcha turdagi mavjud muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, ko‘llab-quvvatlash va ularga zarur ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida Madaniyat ishlari vazirligi qoshidagi Muzeylarni qo‘llab-quvvatlash respublika “O‘zbekmuzey” jamg‘armasi tashkil qilindi.

Mazkur farmonga muvofiq mamlakatimiz aholisining muzeyshunoslik madaniyatini oshirish, ularni merosimiz va qadriyatlarimizdan xabardor qilib borish hamda mutaxassislar, muzey xodimlarining muzeyshunoslik sohasidagi ilmiy ishlarini chop etish, bu sohadagi yutuqlarni targ‘ib qilish, muzey xodimlarining kasbiy malakasini oshirish maqsadida uch oyda bir marta o‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etiladigan ilmiy-amaliy, ma’naviy ma’rifiy, rangli “Moziydan sado” jurnali ta’sis etilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan muzeylar tizimini yanada takomillashtirish, ularning xalqning ma’naviy axloqiy kamolotida tutgan o‘rnini oshirish, muzey fondlarida saqlanib kelinayotgan xalqimiz boy tarixini, mustaqilligimiz odimlarini aks ettiruvchi noyob, nodir eksponatlarni avaylab asrash, o‘rganish, boyitib borish, dunyoga olib chiqish va targ‘ib qilish, ulardan xalqimiz ongida milliy g‘urur va iftixor, istiqlol va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish yo‘lida keng foydalanish, muzeylarni zamon talablariga javob bera oladigan yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlab, jahon muzeyshunosligi tajribalarini ko‘llashga zarur shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Tabiiyki, tarix muzeylari xalq o‘tmishi va xotirasining ifodasi hisoblanadi. Istiqlol yillarida tashkil topgan yana bir tarixiy muzey bu - “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyidir. 1999 yili Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasini barpo etishga qaror qilindi va bu borada ulkan ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 1999 yil 12 maydagi farmoniga ko‘ra, mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish komissiyasi tuzilib, Toshkentning Yunusobod tumanida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi. 2000 yil 12 may kuni “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasining tantanali ochilishi mamlakatimiz va xalqimizning ijtimoiy, madaniy va ma’naviy hayotida ulkan voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 martdagi “Muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari to‘g‘risida”gi 98-sonli hamda 1999 yil 27 dekabrdagi “Termiz shahrining 2500 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi 545-sonli qarorlari asosida o‘z faoliyatini 2001 yilda boshlagan Termiz arxeologiya muzeyi tashkil topdi.

2008 yil 12 sentabrda qabul qilingan “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonuni O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan muzeylar tizimini yanada takomillashtirish, ularning xalqimiz ma’naviy-axloqiy kamolotida tutgan o‘rnini oshirish, muzey fondlarida saqlanib kelayotgan xalqimizning boy tarixini o‘rganish, avaylab asrash, boyitib borish, dunyoga olib chiqish va targ‘ib qilish imkonini yaratib berdi.

2009 yilda Toshkentda aloqa tarixi muzeyi ish boshlagan bo‘lsa, 2015 yilda esa mintaqadagi ilk bor Politexnika muzeyi ochildi. Bu boradagi ishlar tizimli davom ettirilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohini muzeylashtirish ishlari davom etmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 15 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi hamda “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori muzeylar faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Muzeylar faoliyatini takomillashtirish ichki va tashqi turizmning rivojlanishiga olib keladi. Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida turizmni rivojlantirish borasidagi quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdilar: “Hozirgi kunda milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri – bu turizmdir. O‘zbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Yurtimizda 7 ming 300 dan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud va ularning aksariyati YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Samarqand, Buxoro, Toshkent shaharlaridagi muqaddas qadamjolar va yodgorliklarni ziyorat qilishdan iborat bo‘lgan “kichik haj” dasturini rivojlantirish va jadallashtirish zarur. Ichki turizm sohasidagi katta imkoniyatlarni ham to‘liq ishga solish lozim”.

Zamonaviy iqtisodiyotning yangi va istiqbolli bo‘g‘ini turizm hisoblanadi. So‘nggi paytlarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish orqali yurtimiz iqtisodiyotini yuqori bosqichlarga ko‘tarish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, buyuk va navqiron o‘tmishimiz, tariximizni namoyon etuvchi ochiq osmon ostidagi muzey shahar deb nom qozongan tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirish ommaviy harakatga aylanmoqda. Bu borada «Ochiq osmon ostidagi muzey» deya e’tirof etilgan qadimiy shaharlarimiz Samarqand, Buxoro va Xivada ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

2017–2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi, jumladan, «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturida ham turizmni rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar belgilab olingan:
mahalliy aholining mamlakat bo‘ylab sayohatlarini rag‘batlantirish, sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratish, hududlarning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish orqali ichki turizmni tizimli rivojlantirish;
xorijiy sayyohlarning tashrifi uchun keng sharoitlar yaratish, ularning sayohat dasturlarini mazmunan boyitish va ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarini kengaytirish hisobiga turizmni jadal rivojlantirish;
mamlakatimizdagi moddiy madaniy meros obyektlarida va ular atrofidagi obyektlarda tegishli infratuzilmani shakllantirish, amalga oshiriladigan diniy marosimlar uchun tegishli sharoitlarni yaratish orqali ziyorat turizmini sohaning istiqbolli yo‘nalishi sifatida rivojlantirish.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, muzeyshunoslikka berilgan yuksak e’tiborning samarasi o‘laroq mazkur sohada quyidagi misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi:
- muzeyshunoslik sohasini rivojlantirish, takomillashtirishga doir qator qonun hujjatlari qabul qilindi hamda muzeylar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi.
- muzey ishini samarali yo‘lga qo‘yish hamda muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida jamg‘arma tashkil etildi.
- mustaqillik yillarida O‘zbekiston muzeylarida saqlanayotgan moddiy va madaniy merosimizni keng jahon ommasiga namoyish etish bo‘yicha qator ko‘rgazmalar jahon muzeylarida tashkil etildi.

Yuqorida sanab o‘tilgan soha rivojidagi muvofaqqiyatlar O‘zbekistonda muzeyshunoslik sohasini taraqqiy etishiga mustahkam zamin yaratgan omillardir. Tashkil etilgan va etilayotgan ko‘plab yangi muzeylar yosh avlodni tariximiz, moddiy va madaniy merosimizni naqadar chuqur ildizga egaligini singdirgan holda, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari bilan tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Sherzod Salimov
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy Yodgorlik majmuasi tadqiqotchisi

F.Kurbanbayev (foto)