Qarshi shahridagi 41-ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinfida o‘qiyapman. Biz yoshlar, sinfdoshlarim Vatanimiz mustaqilligi tarixini chuqur o‘rganishga juda qiziqamiz.
Shu maqsadda Islom bobomizning "O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida", "Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish - eng oliy saodatdir" asarlarini mutolaa qilamiz. "Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch" kitobini qayta-qayta o‘qib, tegishli xulosalar chiqarganmiz.
Islom Karimov bayramlarda, anjumanlarda elimizga, yosh avlodga murojaat qilib, O‘zbekistonning kelajagi, ravnaqi haqida katta ishonch bilan gapirardi. Biz yoshlarni "bolalarim, farzandlarim" deb atar, "barchangizni bag‘rimga bosaman", deb xitob qilardi.
Islom boboning so‘zlari hamon qulog‘imiz ostida jaranglab, hamisha yaxshilikka, intilishga chorlab turadi. U kishi "... hozirgi yosh o‘g‘il-qizlarimizni ko‘rib xursand bo‘laman. Men, avvalambor, yoshlarimizga qarata aytmoqchiman: o‘qing, tarixni o‘rganing, tarixini, o‘tmishini bilgan odam kelajakda adashmaydi", degan edilar.
O‘ylaymanki, bu gaplarning hayotimizda o‘z ifodasini topganiga ko‘p bo‘ldi. Biz farovon, bugun jahon mamlakatlari havas qilayotgan yurtning farzandlarimiz. Buyuk kelajak o‘z-o‘zidan vujudga kelmaydi, albatta. Biz bunga yuksak vatanparvarlik, teran bilim va mehnatsevarlik bilan erishishimiz mumkin. Zero, Islom Karimov ertangi kunimiz ravnaqi haqida gapirib, shunday degan edilar:
"Agarki qachon biz xohlagan zamon kelsa, ana o‘shanda murodimizga yetamiz, degan fikr bilan bemalol yuradigan bo‘lsak, bilib qo‘yinglar, bunday zamon hech qachon o‘z-o‘zidan kelmaydi. O‘zimiz istagan zamon uchun kurashish, kerak bo‘lsa, o‘zimizni, butun borlig‘imizni berishimiz lozim. Shunday intilish bilan yashasak, nafaqat o‘z hayotimiz, balki kelajak avlodlarimiz hayotini, ularning ertangi yorug‘ kunini o‘zimiz, o‘z qo‘limiz bilan barpo etgan bo‘lamiz..."
Yurtimizning bugungi kamoliga, Qashqa vohasining go‘zal qiyofasiga nazar tashlab, cheksiz sevinch, iftixor tuyaman. Men bir o‘quvchi sifatida yaqin yillarda O‘zbekistonning iqtisodiyoti, xalqi hayoti, xalqaro aloqalari yana bir necha karra yuksalishiga qattiq ishonaman. Binobarin xalqimizning ulkan tarixi bor. Ulug‘ siymolari, daholari, allomalari, qahramon yalovbardorlari ko‘p. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi, Sharof Rashidov singari o‘tgan ulug‘larimiz qatorida Islom Karimovning ham bo‘yi-basti, bosgan izlari nurlanib turishiga aminman.
Zuhra RASHIDOVA