Odam xotira bilan tirik. Ayni tuyg‘u bor ekan, u inson zotini – kelib chiqqan ildizlari, bir umr topingan ma’volari, ajdodlari suv ichgan daryolar yodiga oshno aylaydi. Boshqa tomondan, shu tuyg‘u sabab, o‘shal yodnoma-yu nasabnomalar kelgusi zurriyodlarga ham yetib boradi.
Birinchi Prezident Islom Karimovga uzoq yillar davomida safdosh bo‘lgan, bosh vazir, bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan inson – O‘tkir To‘xtamurodovich Sultonov bo‘lib, yaqinda marhum davlat va jamoat arbobining 85 yillik yubileyi nishonlangan edi.
Shu kunlarda O‘.Sultonovning umr yo‘ldoshi va qizi – Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga kelib, otasi hamda Birinchi Prezidentning birga faoliyat yuritgan yillarini xotirlashdi.
Mehmonlar Majmua Vasiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova hamda majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov bilan uchrashib, suhbat qurishdi. Samimiy ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida – yosh davlat poydevori qo‘yilgan – mustaqillikning ilk yillari, mushkulotlar, ayni kezda quvonchu farahga to‘la suronli yillar haqida eslandi. Birgalikda yodga oladigan, xotirlanadigan voqealar rostdan ham mo‘l edi. Foto va videomateriallar esa o‘sha xotirotlarni unutilmas lahzalar yodi bilan to‘ldirdi.
Xotira to‘g‘risida gap borarkan, “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” nomli kitob-albomi ham ana shu ulug‘vor maqsad yo‘lida chop etilgan bo‘lib, undan – davlat, siyosat va jamoat arboblari, fan, madaniyat hamda san’at namoyandalari, turfa kasb-kor va yoshdagi oddiy yurtdoshlarimiz, shuningdek, Birinchi Prezident bilan uzoq yillar birga ishlagan insonlar xotiralari o‘rin olgan. Tatyana Akbarovna mehmonlarga – uchrashuvdan esdalik sifatida – ana shu noyob nashrni tuhfa qildi.
F.Qurbonboyev olgan fotosuratlar