THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Mustaqilligimiz ramzi


18.11.2019

Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi.

  

O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yili, Birinchi Prezident Islom Karimovning tashabbusi bilan 1991-yilning 18-noyabrida "O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Mazkur hujjatda ta’kidlanganidek, milliy bayrog‘imiz davlat suvereniteti ramzlaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idagi ramzlar, qadimda mamlakat sarhadlarida joylashgan qudratli yurtlarning an’analarini, respublikaning o‘ziga xos tabiatini, xalkning milliy va madaniy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan.

 

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov mazkur masalaning ahamiyatini chuqur anglagan xolda, mustaqil davlat bayrog‘ining eskizi muhokamalarida bevosita ishtirok etib, o‘z taklif-mulohazalarini bildirib borgan. Davlat ramzining xar bir jihati uning e’tiboridan chetda qolmagan. Bayroqda ifoda etilgan belgilar, ranglarning ma’no-mazmuni nihoyatda puxta o‘ylab chiqilgan.

Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu — yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi.

 

Oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, poklik, beg‘uborlik, soflik, ichki go‘zallikka intilishning timsoli.

Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi.

Qizil chiziqlar esa tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni — hayotiy qudrat, barqarorlik va bardavomlik nishonasidir.

Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq bo‘lib, u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. O‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tibor Vatanimiz sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida “Nujum ilmi” taraqqiy etganligi bilan izohlanadi.

 

Davlat bayrog‘i hamyurtlarimizning qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirishga, davlatimizning xalkaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat kiladi.

Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi, Oliy Majlis va hukumat binolari, vazirlik va idoralar, maxalliy boshqaruv organlari, respublikaning xorijdagi diplomatik va savdo vakolatxonalari binolarining peshtoqida hilpirab turibti.

1992-yilning bahorida Birlashgan Millatlar Tashkiloti karorgohi qoshidagi yuzlab xorijiy davlatlarning bayroqlari qatoridan Mustaqil O‘zbekistonning bayrog‘i o‘rin egallagani qalblarimizdagi faxr-iftixor tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirdi.

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyalarining xorijga rasmiy va amaliy tashriflari, ular ishtirokidagi bayram tantanalari va xalkaro darajadagi tadbirlar chog‘ida, sport musobaqalari davomida Davlat bayrog‘i o‘rnatilib, dunyoga va birinchi galda o‘zimizga biz kimning avlodi ekanligimizni hamisha eslatib turadi. “Hech kimdan kam bo‘lmagan va hech kimdan kam bo‘lmaydigan” xalq ekanligimizni.

Tarixiy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan, utmish, bugungi kun va kelajakning timsoli bo‘lgan Davlat bayrog‘iga nisbatan chuqur hurmat xar bir fuqaroning muqaddas burchidir. Zero Islom Karimov ta’kidlaganidek, davlat ramzlari milliy g‘ururni uyg‘otishga va mustahkamlashga, yosh avlodning barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiluvchi muhim omildir.

F.Kurbanbayev suratlari