THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Samarqandda Islom Karimov o‘qishlari o‘tkazildi


30.04.2019

29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida “Islom Karimov o‘qishlari: Islom Karimov – davlat mustaqilligining asoschisi” mavzuidagi respublika ilmiy anjumani o‘tkazildi.

Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, buyuk davlat va jamoat arbobining mustaqil O‘zbekiston davlatchiligini rivojlantirishdagi xizmatlarini e’tirof etdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi respublika xayriya jamoat fondi tomonidan har yili “Islom Karimov o‘qishlari”ni o‘tkazish an’anaga aylangan, – deydi Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov. – Bu sa’y-harakatlar Prezidentimiz tashabbusi bilan Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish yo‘lida qilinayotgan ishlarning samaradorligini oshirish, O‘zbekiston Mustaqilligining asoschisi, buyuk davlat arbobining hayoti va serqirra faoliyati bo‘yicha targ‘ibot ishlarini yanada kengaytirish, uning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha ilmiy izlanishlarning natijalari bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirishga xizmat qilmoqda. Bu galgi o‘qish Islom Karimovning davlatimiz mustaqilligi asoschisi sifatida amalga oshirgan ishlari, mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida olib borilgan islohotlariga bag‘ishlangan.

Konferensiyaning yalpi va sho‘ba yig‘ilishlarda Islom Karimovning fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishdagi o‘rni, XX asrning 80-yillarida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi roli, tarixiy va me’moriy merosni saqlab qolishdagi xizmatlari, mustaqillik arafasida O‘zbekistonda qishloq xo‘jalik sohasida amalga oshirilgan islohotlar, bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida aholini ijtimoiy himoyalash masalalari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Konferensiyaning yakuniy majlisida qabul qilingan tavsiyalarga ko‘ra, anjuman kun tartibiga kiritilgan eng yaxshi maqolalar muntazam ravishda Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi byulletenida nashr etib boriladi.

Konferensiyada Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.

 

 

 

 

 

 

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar