THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

QUTLUG‘ YOSHINGIZ MUBORAK!


11.03.2025

Yaxshi olim, yaxshi rahbar va nihoyat, yaxshi inson. Ko‘pni ko‘rgan odamlar bir narsaga amin bo‘lishganki, bu uchala fazilatni baravariga o‘ziga hamroh qila olish – nihoyatda murakkab yumush.
Ammo bu ro‘yi zaminda yuqorida sanaganimiz xislatlarga har tomonlama munosib shaxslar ham bor. Bugun ulardan biri – Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari, atoqli olim, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov qutlug‘ 75 yoshni qarshi oldi.
T.Shirinov majmuaga rahbarlik davrigacha ham mamlakatimizdagi tarix va arxeologiya fanlari rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, O‘zbekistonning eng qadimgi tarixi bo‘yicha salmoqli izlanishlar olib borib, o‘nlab shogirdlar yetishtirgan, yurtimizning jahondagi eng ko‘hna tamaddunlardan biri ekanini ilmiy jihatdan asoslab bergan qadimshunos olimlardan biridir. Mazkur ishlar orasida birgina misolni keltirishning o‘zi yetarli. Qadim va boqiy shahrimiz, “ro‘yi zamin sayqali” bo‘lmish Samarqandning qariyb 3 ming yillik tarixi borligini, u haqli ravishda Rimning tengdoshi ekanini – ilmiy, nazariy va amaliy jihatdan isbotlab bergan allomalardan biri – aynan T.Shirinov bo‘ladi.
Yodgorlik majmuasiga esa – u tashkil etilgan chog‘dan boshlab hozirgi paytgacha rahbarlik qilib kelarkan, bu maskanning Respublikadagi ko‘zga ko‘ringan ilmiy va ma’rifiy dargoh sifatida faoliyat ko‘rsatayotgani, uning nainki Birinchi Prezident hayoti va faoliyatini tadqiq etayotgan izlanuvchilar, balki oddiy hamyurtlarimiz uchun ham sevimli go‘shalardan biri bo‘lib qolayotganida ham, tabiiyki, donishmand rahbarning salohiyati va tajribasi muhim o‘rin tutadi.


Fursatdan foydalanib, majmuaning ilmiy-ijodiy va texnik jamoasi nomidan – qadrli ustozni qutlug‘ yoshi bilan tabriklab, u kishiga mustahkam sog‘liq, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy farog‘at tilab qolamiz!
Aziz boshingiz omon, ruhingiz mudom baland bo‘lsin!

T.Qurbonboyev olgan fotolar