THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Qutlug‘ ayyom muborak bo‘lsin!


22.11.2018

21-noyabr kuni davlat va jamiyat ravnaqi yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib mehnat qilgan hamyurtimiz, 85 yoshni qoralaganiga qaramasdan hozirda Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasida faoliyat yuritayotgan Georgiy Alekseyevich Kraynovni hamkasblari tavallud ayyomi bilan qutladilar.

Georgiy Kraynov chorak asr davomida Birinchi Prezidentimizning qabulxonasi rahbari bo‘lib ishlagan.

 

«Oqsaroy» qarorgohida dam olish nimaligini, mehnat ta’tili nimaligini bilmasdan Birinchi Prezidentning mas’uliyatli va murakkab topshiriqlarini vijdonan, sidqidildan bajarib kelgan bu inson ayni paytda Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirishdek muhim bir vazifani amalga oshirishda o‘z hamkasblariga har jihatdan o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

Georgiy Alekseyevichni ko‘pchilik o‘z ishining professionali, tajribali mutaxassis sifatida tan oladi. U dunyoqarashi keng, chuqur bilim va ko‘p yillik tajribaga ega haqiqiy vatanparvar, insonparvar va nihoyatda kamtarin inson sifatida hamkasblari va yaqinlari o‘rtasida katta obro‘ qozongan.

Yodgorlik majmuasi jamoasi Georgiy Alekseyeichga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, kelgusidagi ishlarida muvaffaqiyatlar tilaydi. Oilangiz tinch, xonadoningiz farovon bo‘lsin.

Har bir mehnat kuningiz mazmunli va quvonchli o‘tishiga tilakdoshmiz. Yosh avlodga tajriba va bilim ulashishda hormang deymiz.

Biz bilan bir safda turganingizdan faxrlanamiz!