THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Oʼzbekiston milliy atlasi nashr etildi


07.01.2022

       O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig`iga asosan mamlakatimizda birinchi marotaba O`zbekiston milliy atlasi nashr etildi.

       Davlatimiz rahbarining mazkur ilmiy asarga bagʼishlab yozilgan, “YANGI OʼZBEKISTON HАQIDАGI QOMUSIY NАShR” sarlavxali so`z boshida:

                                                     

“Mamlakatimizning taniqli olimlari va malakali mutaxassislarining ko`p yillik ilmiy-ijodiy mehnati natijasida bu yoʼlda yana bir katta qadam tashlandi – mustaqil davlatimiz tarixida ilk bor Oʼzbekiston Milliy atlasi tayyyorlanib, nashr etilmoqda. Bu, hech mubolagʼasiz, ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim voqeadir.

Bir soʼz bilan aytganda, chuqur ilmiy tahlil asosida yaratilgan ushbu qomusiy asar – Milliy atlas orqali koʼp sonli kitobxonlar, ayniqsa, xorijlik sayyyoh va investorlar Oʼzbekistonning tabiiy boyliklari, bugungi taraqqiyoti va istiqboldagi rivojlanish imkoniyatlari toʼgʼrisida keng tushuncha va tasavvurlarga ega boʼlishadi. Hozirgi kunda mamlakatimiz “Yangi Oʼzbekiston” degan nom bilan butun dunyoda oʼzining yangi, demokratik qiyofasi, ulkan imkoniyatlarini namoyon qilayotgan bir paytda bu juda muhimdir” degan purma`no fikr ifoda etilgan.

 

Milliy atlas 416 ta xaritani oʼzida jamlagan 2 ta jilddan iborat fundamental ilmiy-kartografik asar boʼlib, unda Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy chegarasiga kiruvchi barcha hududlarning tabiiy-geografik oʼrni va umumiy xususiyatlari, tabiiy sharoiti va tabiiy resurslari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, aholisi, ijtimoiy va iqtisodiyot sohalari hamda tarixiga oid maʼlumotlar mujassamlashgan.

Oʼzbekiston Milliy atlasini yaratishdan koʼzlangan asosiy maqsad atlasda jamlangan maʼlumotlar davlat hokimiyati va mahalliy oʼzini oʼzi boshqarish organlari, tadbirkorlik subʼektlari va Oʼzbekiston Respublikasi hamda chet el fuqarolarini davlat toʼgʼrisidagi rasmiy va umumeʼtirof etilgan ilmiy maʼlumotlar tizimi bilan tanishtiradi.
Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar olib borishga, kelajak avlodlarga Oʼzbekistonning tarixi va bugungi kundagi geografiyasi, tabiati, tabiiy resurslari, aholisi, ijtimoiy sohalari, iqtisodiyoti, ekologik holati va madaniyati toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni etkazish, kartografik shaklda Oʼzbekistonning hududi, uning maʼmuriy-hududiy tuzilishi, iqtisodiy, madaniy, tarixiy, ekologik, taʼlim va boshqa ahamiyatga ega boʼlgan umumdavlat va mintaqaviy dasturlarni ishlab chiqarishda kerakli maʼlumotlarni taqdim etishga xizmat qiladi.

Milliy atlasning elektron varianti ham yaratilgan. Hozircha Milliy atlasimiz faqat oʼzbek tilida chop etilgan. Kelgusi yilda rus, ingliz tiliga tarjima qilinadi.