"Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" deb e’lon qilingan 2019 yilda Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan mazkur yo‘nalishdagi ulkan rejalar va muhim vazifalardan kelib chiqib, yoshlarga munosib ta’lim berish, ilmiy va o‘quv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgan ishlar ham yangi bosqichda davom ettirilmoqda.
Tabiiyki, bu jarayon uzoq muddatli bo‘lib, uning samarasini ko‘rish uchun yillar talab etiladi. O‘z vaqtida buyuk Eynshteyn «O‘tin yoruvchiga havasim keladi. U o‘z mehnati mahsulini o‘sha zahotiyoq ko‘ra oladi», deganida chuqur ma’no bor. Ya’ni, fan va ta’lim ko‘p yillik mashaqqatli mehnat va izlanishlar evaziga taraqqiy topadigan murakkab soha.
Boshqa omillar qatorida, xalqaro miqyosda, sohada erishilgan ilg‘or va zamonaviy, kreativ usullarni chuqur o‘rganib, eng maqbullarini mamlakatimiz ta’lim tizimiga tatbiq etish ustuvor ahamiyatga ega.
Shu jihatdan, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan Koreyaning bir qator universitetlari hamkorligida tashkil etilgan, «Osiyo qadriyatlarini qayta kashf etish» mavzuidagi xalqaro media konferensiyani dolzarb ahamiyatga molik anjuman sifatida baholash mumkin.
Toshkentda o‘tkazilgan konferensiya ishtirokchilari – Koreyaning Suvon, Sungkyunkvan, Yungsan, Xonam kabi bir qator universitetlari professor-o‘qituvchilari, 19 fevral kuni Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdilar.
Mehmonlar O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti haykali poyiga gullar qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
«Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasida mehmonlarga Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna hamrohlik qildi. Koreyalik olimlar do‘stona va samimiy qabul uchun Tatyana Karimovaga hamda Yodgorlik majmuasi xodimlariga chuqur minnatdorlik bildirdilar. «Kuni kecha Samarqandga borib, Hazrati Xizr maqbarasini ham ko‘zdan kechirdik. Taassurotlarga boy ziyorat bo‘ldi. Bugun esa, Oqsaroyga tashrif buyurganimizdan behad mamnunmiz. Nazarimizda shinam va istarali, nihoyatda sarishta mana shu bog‘, hech mubolag‘asiz, dunyodagi eng go‘zal maskanlardan biridir. Bu yerdagi manzaradan hayratdamiz», deya koreyalik mehmonlar o‘z taassurotlarini faxriy mehmonlar kitobiga bitilgan dastxatda ifoda etdilar.
Mehmonlarga «Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» xotira kitobi, ko‘rgazma katalogi hamda yodgorlik majmuasi faoliyatiga doir boshqa nashrlar sovg‘a qilindi.