1-fevral kuni Yodgorlik majmuasida Respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 81 yilligi munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi.
«Islom Karimov – mustaqil davlat asoschisi, bosh me’mori» mavzusiga bag‘ishlangan tadbir O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi, Toshkent viloyati kengashi, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov Fondi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yish marosimidan boshlandi. Mehmonlar «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
Davra suhbatida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, partiya faxriylari va faollari, «Yoshlar qanoti» va «Ayollar qanoti» yetakchilari, jamoatchilik vakillari, talaba-yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Davra suhbatida e’tirof etilganidek, Islom Karimov nomi xalqimiz qalbida barhayot. Buyuk davlat arbobi va siyosatchi, o‘z yurtining har bir fuqarosi dardini o‘z dardi deb qabul qilgan, mehr-oqibat, millatlararo bag‘rikenglik, Vatan ravnaqi yo‘lidagi fidoyilik, tinchlik va barqarorlik masalalariga daxldorlik kabi qator fazilatlarni o‘zida jam etgan buyuk qalb egasi Islom Karimov o‘zi yaratgan asarlarida ham nomini mangulikka muhrladi. Ayniqsa «Yuksak ma’naviyat-engilmas kuch», «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida», «Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish eng oliy saodatdir» kabi asarlari kelajagimizni belgilovchi o‘ziga xos dasturulamal bo‘lib qolaveradi.
Tadbirda Birinchi Prezidentimizning rafiqasi, Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi hamda Islom Karimov Fondi Homiylik Kengashining a’zosi Tatyana Karimova, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Sarvar Otamuratov, partiya faxriysi, yozuvchi Ibrohim G‘afurov va boshqalar so‘zga chiqdilar.
Uchrashuvda Islom Abdug‘aniyevichning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi.