THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Oʼqituvchi va murabbiylar kuni


01.10.2020

Oʼqituvchi va murabbiylar kuni Oʼzbekistonda davlat bayrami sifatida 1997 yil 1 oktyabrdan boshlab nishonlanib kelmoqda. Oʼzbekiston Respublikasining "Oʼqituvchi va murabbiylar kunini belgilash toʼgʼrisida"gi Qonuni 1996 yil 27 dekabrda Oʼzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan imzolangan. Mazkur qonun 1993 yil 29 dekabrda qabul qilingan "Oʼzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi xodimlari kunini belgilash toʼgʼrisida" gi qonun oʼrniga qabul qilindi.
Yangi qonun ushbu bayramda mehnati qadrlanadigan kasblar doirasini kengaytirdi. Yaʼni bu kun nafaqat oʼqituvchilar, balki barcha ustoz va murabbiylar bayrami deb belgilandi. Bundan tashqari, bayram uchun kalendarda alohida sana – 1 oktyabrь sanasi ajratildi. Ilgari xalq taʼlimi xodimlari kuni oktyabrь oyining birinchi yakshanbasida nishonlanar edi.
1997 yilda oʼqituvchi va murabbiylarga yoʼllagan tabrigida Prezident Karimov ularning mehnatini yuqori baholab, har bir oʼqituvchi ishining murakkabligi va ahamiyatini taʼkidlab oʼtdi hamda "oʼz bilimi va tajribasini, isteʼdodi va mahoratini, mehrini, kuchini ayamay, eng yaxshi insoniy fazilatlarni namoyon etib, taʼlim va maʼrifat uchun chin dildan beminnat xizmat qilgani uchun" barcha murabbiylarga minnatdorlik bildirdi.
Islom Karimov mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq oʼqituvchilarga alohida eʼtibor qaratdi. Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʼlash shartlarini tartibga solish, umumtaʼlim maktablari oʼqituvchilarining mehnatini ragʼbatlantirish choralarini koʼrish boʼyicha tizimli ishlar davlat siyosati darajasida olib borildi.
1994 yildan Oʼzbekistonda xalq taʼlimi xodimlari har yili mukofotlanib, ragʼbatlantirilib kelinmoqda. "Oʼzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi xodimlarini mukofotlash toʼgʼrisida"gi ilk farmon 1994 yil 28 sentyabrda Prezident tomonidan imzolangan boʼlib, unda taʼlim va maʼrifat sohasining 138 vakili medal, orden, turli unvon va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda ham ushbu kasb egalari eʼzozlanib, yosh avlodni tarbiyalashdagi ularning fidoiy mehnati qadrlanib kelmoqda.