THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Navroʼz – qadim qadriyatlar tarovati


19.03.2021

Islom Karimov tashabbusi va jasorati bilan hali mustabid tuzum hukmron boʼlib turgan davrda Navroʼz bayrami qayta tiklandi. Prezidentimizning 1990 yil 3 maydagi farmoniga muvofiq Navroʼz umumxalq bayrami, 21 mart dam olish kuni, deb eʼlon qilindi. 1991 yil 12 fevralь kuni esa Respublikada Navroʼz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʼrish va oʼtkazish haqida OʼzSSR Prezidenti Islom Karimovning Farmoni eʼlon qilindi. Oʼtgan yillarda Navroʼz mazmunan yanada boyidi, xalqimizning qadim madaniyati, ezgu fazilatlari timsoliga aylandi. Nihoyat qancha-qancha zamon boʼhronlaridan omon oʼtgan Navroʼz Vatanimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlana boshladi.  

Asrlar qa’ridan omon chiqib kelgan bayram zamirida xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy an’analari, qadriyatlari mujassam bo‘lib, ular qayta tiklanib, yangicha tus oldi.

 

 

Navro‘z bayrami ko‘hna bayram sanaladi. Mutaxassislarning fikricha, bu bayramning tarixi qariyb 4-4,5 ming yilga teng.

Navro‘z asosan bahoriy teng kunlik 21-22 martdan boshlab nishonlangan va bir hafta, o‘n kun, hatto, ba’zi joylarda bir oygacha davom etgan.

Tarixda Navro‘zga munosabat doimo bir xil bo‘lib kelmagan. Turli davrlarda Navro‘z bayramiga u yo bu darajada tazyiqlar bo‘lgan. Sobiq Ittifoq davrida Navro‘zni bayram sifatida rasman nishonlash taqiqlab qo‘yilgan. Navro‘z bayramiga qarshi harakatlar milliy madaniyatlarni qoralash va cheklashga qaratilgan tadbirlarning biri edi.

  

Yillar o‘tib, Navro‘z bayramining maqomi va nufuzi xalqaro darajada yuksalib, bu ayyom umumjahon bayramlari qatoridan o‘rin egallashini tasavvur qilish mumkinmidi? Islom Karimov Navro‘zning ma’naviy ahamiyatini, tarbiyaviy rolini uning falsafasini chuqur anglagani bois ham bu masalaga jiddiy qaragan.

2009 yilning 30 sentabr kuni Navro‘z YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan edi.

2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi 21 martni “Xalqaro Navro‘z kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risidagi qarorni bir ovozdan qabul qildi. Qabul qilingan rezolyutsiyada mazkur bayram madaniyatlaroro muloqot va o‘zaro tushunishni rag‘batlantirishi ta’kidlanadi. 

Navro‘z – xalqimizning yaratuvchanlik mehnati bilan bog‘liq, orzu-umidlarini kuylagan, uning turmush tarzi, ma’naviyati, milliy ruhini xalq ijodi usuli va uslublari yordamida tarannum etgan, xalqimizing boy milliy san’atini, urf-odatlarini o‘zida saqlagan bayramdir. Navro‘z – qut-baraka, rizq-ro‘z, rasm-rusumlar, urf-odat va an’analar bayramidir.