THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Mustaqillikning buyuk me’mori


30.01.2019

30-yanvar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tavallud topgan kun. Yodgorlik majmuasi bilan Islom Karimov fondi tomonidan Oqsaroy qarorgohida ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

 

«Mustaqillikning buyuk me’mori» nomli uchrashuvda Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Akbarovna, Islom Abdug‘aniyevichning do‘stlari, ko‘p yillar u bilan yonma-yon turib ishlagan qadrdonlari, respublikada xizmat ko‘rsatgan turli soha vakillari, yoshlar, OAV xodimlari hozir bo‘ldilar. Aynan mana shu ko‘rkam bino – Oqsaroyda davlat rahbari sifatida Islom Karimov hayotining eng yorqin, eng jo‘shqin yillarini o‘tkazgan. Ayni kunlarda ham, bu so‘lim maskan hamisha odamlar bilan gavjum.

  

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’biri bilan aytganda: «Birinchi Prezidentimiz tomonidan bunyod etilgan Oqsaroy qarorgohi boshimizga tushgan og‘ir musibat tufayli huvvilab qolgan edi, bugun u yana el-yurtimizni o‘z bag‘riga chorlamoqda… Ishonchim komil, ushbu majmua xalqimiz uchun bir umrga qutlug‘ va tabarruk qadamjo bo‘lib qoladi».

 

Oqsaroy qarorgohi qatorida Mustaqillikning buyuk me’mori Islom Karimovning sa’yi harakatlari bilan qayta tiklangan tarixiy obidalar, ulug‘ ajdodlarimizning qadamjolari, yangitdan barpo etilgan saroy va majmualar, ziyoratgohlar mustaqil O‘zbekiston yuksak ma’naviyat, boy va betakror madaniyat xazinasi ekanligidan dalolat berib turibdi. Albatta bitta tadbir doirasida mamlakat tarixi, elim deb, yurtim deb, yonib yashagan buyuk shaxsning buyuk xizmatlarini qamrab olib bo‘lmaydi. Bu tabiiy xol.

 

Islom Karimov Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti, xalq farovonligi yo‘lida uchmas iz qoldirdi. U butun umrini Vatan va millatga bag‘ishlagan fidoyi inson edi. O‘ta murakkab yillarda davlat boshqaruvini qo‘liga olgan Islom Karimov, tarixan qisqa muddatda uni ko‘p tarmoqli iqtisodga ega, rivojlangan mamlakatga aylantirishga erishdi. Aynan Islom Karimov rahbarligida kelajagi buyuk zamonaviy va demokratik davlat barpo etishda, hech mubolag‘asiz ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi.

 

Butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti qo‘shgan hissasi, uning xizmatlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. Mana shular haqida atroflicha so‘z yuritilgan tadbirda, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Islom Karimov xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan sa’yi-harakatlari cheksiz hurmat ila tilga olindi. Zero yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir.