THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

MEHMONLАR – BO‘LG‘USI АDOLАT POSBONLАRI


19.06.2024

Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi eshiklari keng jamoatchilikning turli qatlam vakillari uchun mudom ochiq. Vatan mustaqilligi va uni har tomonlama mustahkamlash yoʼlida ongli umrini bagʼishlagan Birinchi Prezident xotirasini yodga olish ham – ezgu va savob ish.

Yodgorlik majmuasining bu galgi mehmonlari – Oʼzbekiston Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tinglovchilari boʼlishdi. Аsosiy yoʼnalishi – sudьyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, Sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlab, ular malakasini oshirishga qaratilgan mazkur taʼlim dargohi vakillarining huquqiy-demokratik davlat poydevorini qurishda yetakchilik qilgan Islom Karimov hayoti va faoliyatiga qiziqishi ulkan boʼlmogʼi tabiiy.

Majmua rahbari Temur Shirinov mehmonlarni qutlab, ularga bu maskan faoliyati toʼgʼrisida tushuncha berarkan, jumladan, shunday dedi: “Buyuk tarixiy shaxslarga baho beruvchi shaxsning oʼzi ham buyuk boʼlishi kerak. Masalan, siz – boʼlgʼusi Sudyalar uchun bir umrlik mezon boʼladigan “Kuch – adolatda” gʼoyasi muallifi boʼlmish Аmir Temurdek shaxsga obʼektiv baho ham – aynan istiqlol yillarida, aynan Islom Karimov tomonidan berilgan edi. Mustaqilligimiz asoschisi – Birinchi Prezident faoliyatiga siyosiy bahoni esa Prezident Shavkat Mirziyoev berdi. Bugun mana shu koʼrib turganingiz – majmua ham ana shu yuksak baho mahsuli”.

Mehmonlar majmuaning betakror maydoni, qolaversa, “Butun olamni jo qilgan yurak” fotokoʼrgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qilishdi.

Foziljon Otaxonov, Sudyalar oliy maktabi professori, yuridik fanlar doktori:

“Islom Karimov shak-shubhasiz mustaqilligimiz ramzi hisoblanadi. Men, maʼlum muddat bevosita uning rahbarligida Prezident devonida, keyinroq Аdliya vaziri sifatida ishlagan odam sifatida ayta olamanki, u shaxs korruptsiyani, adolatsizlikni vujud-vujudi bilan yomon koʼrar edi. Uning – mustaqil davlat ilk Konstitutsiyasining, qolaversa, uch pogʼonali, yaʼni qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari vertikali ustuvor boʼlgan mamlakat asoschisi sifatidagi buyuk xizmatlari – biz huquqshunoslar uchun hamisha faxr manbai”.

Dilbar Chorieva, Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi:

“Shaxsan oʼzim 1992 yilda, maktab ostonasiga qadam qoʼyganimdan boshlab Birinchi Prezidentimizni televizorda koʼrib, radioda ovozlarini eshitib ulgʼayganman. Litseyda oʼqiyotgan chogʼimda esa u kishining otalarcha quvvatlagan maktublarini olish baxtiga muyassar boʼlganman. Bundan keyingi ish faoliyatimda ham u buyuk shaxsning hayoti va faoliyati men uchun oʼrnak vazifasini oʼtayveradi”.

Islom Karimov nomidagi kutubxonada mehmonlarga mazkur ziyo maskanining tashkil etilishi bilan bogʼliq jarayonlar, boy kitob fondi, kitobxonlarga yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida batafsil va qiziqarli maʼlumotlar berildi.

F.Qurbonboev olgan suratlar