THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Islom Karimov tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi


30.01.2019

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi edi. U mamlakatimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tiklagan. Og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda yurtimizni jadal rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirgan.

Birinchi Prezidentimiz o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Islom Karimov xotirasiga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka shahridagi avtomobil zavodi, Farg‘ona shahridagi San’at saroyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida buyuk Yo‘lboshchimizning haykali o‘rnatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27-noyabrdagi qaroriga asosan buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tavalludining 80-yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi.

Birinchi Prezidentimiz dafn qilingan Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi yonida ulug‘vor maqbara bunyod etildi. Bu yodgorlik yurtdoshlarimiz qadami uzilmaydigan muqaddas ziyoratgohga, yoshlar uchun katta tarbiya maskaniga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.

 

Davlatimiz rahbari yodgorlik majmuasini saqlash, atrofini obodonlashtirish, ziyoratchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ehson oshi berildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

 

Samarqand Islom Karimov hayoti va faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Ma’lumki, Birinchi Prezidentimiz ushbu qadimiy shaharda tug‘ilgan, uning har tomonlama rivojlanishiga katta e’tibor qaratgan. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan bu yerda qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. 2007 yilda YuNESKO shafeligida Samarqand shahrining 2750 yilligi keng nishonlangan. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Ulug‘bek rasadxonasi va boshqa tarixiy qadamjolar obod qilingan. O‘nlab zamonaviy inshootlar, xiyobonlar, favvoralar barpo etilgan.

Keyingi yillarda qad rostlagan Islom Karimov maqbarasi va haykali Samarqanddagi ana shu obod maskanlar qatoriga qutlug‘ qadamjo bo‘lib qo‘shildi.

Shu kuni Samarqand viloyati jamoatchiligi Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Qarshi shahrida ham buyuk Yo‘lboshchimiz haykali poyiga gullar qo‘yildi. Poytaxtimiz va viloyatlarda Birinchi Prezidentimiz tavallud kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazildi.