2 iyul – O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun. Bundan roppa-rosa 33 yil muqaddam, 1992 yil 2 iyulda mamlakatimiz Oliy Kengashining X sessiyasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan imzo chekilgan edi.
![]() |
![]() |
Demak, 33 yildan beri biz bu kunni – xalqimiz shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam qilib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonch ifodasi aks etgan tabarruk timsolimiz paydo bo‘lgan kun sifatida nishonlab kelamiz. Zero, gerbimiz markazidagi afsonaviy Humo qushi qadim-qadimdan – baxt va davlat, erk, saodat, himmat, olijanoblik, omad belgisi hisoblanadi. Demak, u – hurriyatimiz timsoli ham.
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonuning 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, respublika davlat boshqaruvi organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Markaziy bank, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sudlar, prokuratura organlari, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarining old tomoniga joylashtirilgan.
![]() |
![]() |
Gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportida, qonunda belgilangan boshqa hujjatlarda aks etgan.
Osuda tonglar, musaffo osmon, olam aro borligimiz va birligimizning yorqin namunasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi biz uchun tabarruk, e’zozli, betakror timsoldir.
F.Qurbonboyev fotosuratlari