THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

«Farzandlarimiz bizdan ko‘ra baxtli yashasin»


05.09.2019

Mana shu shior ostida Yodgorlik majmuasida o‘tkazilgan konferensiya O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy haftalik doirasida tashkil etildi.

 

Tadbirda vazirlik va idoralar xodimlari, «Sog‘lom avlod uchun» ordenlari sohiblari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

1993 yilda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti tomonidan «Sog‘lom avlod uchun» hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi tashkil etilib, mustaqil mamlakatimizning birinchi mukofoti «Sog‘lom avlod uchun» 1 va 2 darajali ordenlar ta’sis etilgan edi.

 

O‘tgan yillar davomida hayriya fondi xodimlari aholi, xususan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom bolaning dunyoga kelib, kamol topishi, farzandlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash kabi qator vazifalarni bajarishda davlat organlariga kamarbasta bo‘lib xizmat qilib kelmoqdalar.

Faol xodimlarning safi kengayib, «Sog‘lom avlod uchun» ordenlari bilan taqdirlanganlarning soni yil sayin ko‘payib borayotgani buning yorqin tasdig‘idir.

 

5-sentabr kuni konferensiya ishtirokchilari Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov haykali poyida Birinchi Prezidentning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Anjuman qatnashchilarini «Sog‘lom avlod uchun» fondi prezidenti Tatyana Karimova samimiy qutlab, yig‘ilganlarni O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligi bilan muborakbod etdi.

 

Faxriylarga, fondning respublikadagi eng faol xodimlari va hamkor tashkilotlar vakillariga esdalik sovg‘alari, tashakkurnomalar topshirildi.

Xalqaro maqomga ega bo‘lgan fondning xorijiy hamkorlari ham hamisha xayrli ishlarda tashkilotning yaqin yordamchilaridir.

 

Bu galgi tadbirda Rossiyaning «LUKOIL Overseas Uzbekistan Ltd» kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyati tibbiy ijtimoiy yordam brigadasi uchun ajratilgan tibbiy avtomashinaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tatyana Akbarovna kompaniya prezidenti Stepan Gurjiyga tashakkurnoma topshirib fond nomidan minnatdorlik bildirdi.

Konferensiya qatnashchilari Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

 

Temur Kurbonboyev olgan suratlar